Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
33 mingdan ortiq kishi IShIDga aloqadorlikda gumonlangani uchun Turkiya hududiga kirishi taqiqlangan
Dunyo bo‘ylab 33 ming 700 nafardan ortiq kishi Turkiyaning "qora ro‘yxati"da qayd etilgan. Bu ro‘yxatdagi kishilar turklar tomonidan IShIDga aloqador deb topilgan va ularning mamlakatga kirishi taqiqlangan. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Efqan Ala Onado‘li agentligi muharriri bilan suhbatda oshkor qildi.
"IShIDga qarshi kurash doirasida 33,7 ming kishiga bizning mamlakatimiz chegaralaridan o‘tish taqiqlab qo‘yilgan. Bu odamlar dunyoning 123 mamlakatiga mansub hisoblanadi. Bu odamlar Suriyadagi IShID jangarilari bilan turli darajalarda aloqador deb hisoblangan. Shuningdek, Turkiya hududi orqali Suriyaga o‘tishni rejalashtirgan 2783 nafar kishi (89 mamlakat fuqarolari) aniqlanib, o‘z mamlakatlariga qaytarib yuborilgan", deydi vazir.
Turkiyaning janubi-sharqida Kurdiston ishchi partiyasi a'zolariga qarshi olib borilishi davom etayotgan amaliyotlar to‘g‘risida ham so‘zlagan vazir bu amaliyotlar davomida ayni vaqtga kelib, qurol-yarog‘larning kattagina ombori qo‘lga olinganini aytib o‘tgan (kurdlardan jami 2240 dona qurollar olib qo‘yilgan).
"Shundan 862tasi og‘ir turdagi va uzoq masofaga o‘q otuvchi qurollar hisoblanadi. Shuningdek, 10 ming donadan oshiq miqdoridagi "Molotov kokteyllari" hamda 10,5 ming tonna portlovchi moddalar musodara qilingan", deydi u.
Oxirgi kunlar davomida bu hududda beqaror vaziyat saqlanib turibdi. Kurdlar minalar qo‘yishi tufayli portlashlar sodir bo‘lmoqda, hukumat o‘tkazayotgan amaliyotlar chog‘ida o‘qqa uchishdan qo‘rqqan aholi vakillari uylarini tark etmoqda.