Jahon | 20:09 / 18.12.2015
5308
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi ko‘pchilik mehnat muhojirlari Yangi yilni uyda kutish uchun ketdilar

Moskvada ishlayotgan mehnat muhojirlarining 60 foizi Yangi yilni o‘z vatanlarida kutish uchun ketdilar. Bu haqda “Tojik mehnat muhojirlari” Umumrossiya jamoatchilik harakatining raisi Karomat Sharipov RSN efirida ma'lum qildi.

“Mehnat muhojirlarining 50-60 foizi ketdi. Agar tojikistonliklarning o‘zini oladigan bo‘lsak, 1,2-1,5 mln muhojirdan 400-500 mingi deyarli uyiga qaytib ketgan”, deb aytdi Sharipov.

Uning aytishicha, tojikistonlik mehnat muhojirlarining katta qismi hozirda 2018 yilgi jahon chempionati obektlari qurilishida ishlamoqda.

Shunday holatni Moskva taksichilari kasaba uyushmasi rahbari Aleksandr Makarov ham qayd etmoqda. Uning aytishicha, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi ko‘pchilik muhojirlar o‘z uylariga ketganlar.

“Baribir Yangi yil oilaviy bayram-da”, deb ta'kidlamoqda Makarov.

RSNning ma'lumotlariga ko‘ra, Moskva aholisi muhojirlarning uylariga qaytganlarini o‘zlarida sezmoqdalar. Gettaxi, “Yandeks.Taksi” va Uber dasturlari foydalanuvchilari arzon narxda taksi buyurtma qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotganlarini ta'kidlamoqdalar. Ushbu xizmatlar yuqoriroq narxlardagi xizmatlardan foydalanishni taklif qilmoqda, biroq shu holatda ham mashina taqdim qilinishi kafolatlanmagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish