16:38 / 18.12.2015
2349

OAV: Germaniya va Suriya maxsus xizmatlari aksilterror yo‘nalishidagi hamkorlikni jonlantirdi

Germaniya federal razvedka xizmati aksilterror yo‘nalishida suriyalik hamkasblari bilan hamkorlikni yana jonlantirdi, deb xabar beradi Bild nashri.

Aytilishicha, hamkorlik Suriyadagi harbiy ixtilof tufayli to‘xtatib qo‘yilgan edi. Endi esa Germaniya razvedkasi xodimlari Damashqqa yo‘l olib, u yerda suriyalik hamkasblari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Shu tariqa, deb yozadi nashr, ikkita maqsad ko‘zlanmoqda. Birinchidan, tomonlar IShID bo‘yicha axborot almashmoqda. Ikkinchidan, Germaniya xavfsizlik kuchlari suriyaliklar bilan hamkorlikda IShIDga qarshi operatsiyada ishtirok etayotgan nemis uchuvchilarini qutqarish ssenariysini (agarda bunga ehtiyoj tug‘ilsa) ishlab chiqmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya federal razvedka xizmati Damashqda vakolatxonasini ochmoqchi. Bu maqsadda hozirlikda yopib qo‘yilgan elchixona binosidan foydalanilishi mumkin. Hukumat ikki davlat razvedkasi o‘rtasidagi aloqalardan boxabar etilgani ta'kidlanmoqda.

Top