20:38 / 18.12.2015
10843

O‘zbekistonlik talaba Xitoyda Butunjahon Xotira chempionatida qatnashib, Xalqaro xotira sporti ustasi unvoniga ega bo‘ldi

16-18 dekabr kunlari Xitoyning Chendu shahrida 24-Butunjahon Xotira chempionati bo‘lib o‘tdi.

Unda hamyurtimiz Husniddin Ismoilov ishtirok etdi va o‘zbekistonliklar orasida birinchi bo‘lib, Xalqaro xotira sporti ustasi (International Master of Memory) unvoniga ega bo‘ldi.

Bu unvonga ega bo‘lish uchun Husniddin 1 soat ichida 1460 ta raqamni eslab qolish, 1 soatda 832 dona qartalarni eslab qolish, 1 quti qartani 76 soniyada eslash kabi shartlarni bajardi.

Qayd etilishicha, Xotira Aqliy sportida Xalqaro xotira sporti unvonini olish uchun 4 ta shart bajarilishi kerak:

1 soatda 1000 dan ortiq raqamni eslab qolish;
1 soatda 10 qutidan ortiq qartalarni eslab qolish;
2 daqiqa ichida butun bir qartalarni eslab qolish;
Umumiy musobaqada 3 000 dan ortiq ball to‘plash.

Husniddin Ismoilov hozirda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talabasi. U 2014 yilda Xitoyning Xaykou shahrida bo‘lib o‘tgan 23-Butunjahon Xotira chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan edi.

Ma'lumot uchun, Butunjahon Xotira chempionati ilk marotaba 1991 yilda London shahrida bo‘lib o‘tgan. Ushbu chempionatda bugunga kelib dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan vakillar qatnashadi. O‘zbekistondan bu musobaqalarda ilk marotaba 2010 yilda Shohruh-Mirzo Rahmonov ishtirok etgan.

Top