12:40 / 18.12.2015
18155

Putinning G‘arb matbuotida eng ko‘p muhokama qilinayotgan besh javobi

Ma'lumki, kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 392 jurnalist ishtirokida katta matbuot anjumani o‘tkazdi. Ushbu tadbirda yangragan savollarga davlat rahbari tomonidan berilgan ko‘plab javoblardan beshtasi G‘arb matbuotida ayniqsa qizg‘in muhokama qilinmoqda, deb yozadi Rossiyaning qator onlayn nashrlari.

Turkiya haqidagi ko‘plab savollardan biriga javob berarkan, Putin “Turkiyaning bugungi rahbariyati bilan kelishishning imkoni yo‘q”, deb ta'kidladi. Italiyaning Il Giornale nashrida yozilishicha, Kreml boshlig‘i “Anqaraga nisbatan so‘zlarni ayamagani”ni e'tirof etdi.

“Su-24 voqeasidan buyon Turkiya hamon uning birinchi raqamli dushmani bo‘lib qolmoqda”, - deb yozadi maqola muallifi.
Britaniyaning Daily Express nashri ham shu so‘zlarga e'tibor qaratib, ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik Yevropa Ittifoqiga ham yaxshilik keltirmasligini ta'kidladi. “Turkiya oqimi” bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan taqdirda Yevropa energetik xaritasida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

“Soha ekspertlarining fikricha, Su-24 voqeasining diplomatik oqibatlari Turkiyani halokatga keltirishi mumkin”, - xulosa qildi muallif.
G‘arb matbuoti Putinning Ukrainada “ayrim masalalarni hal qiladigan odamlar” borligi haqidagi so‘zlariga jiddiy e'tibor qaratdi.

Donbassda rossiyalik askarlarining borligi shu paytgacha inkor qilib kelinganiga qaramay, bu safar Putin “Biz u yerda ma'lum masalalar, shu jumladan, harbiy soha bo‘yicha, yechimi bilan shug‘ullanadigan odamlar yo‘q deb hech qachon aytmaganmiz, lekin bu u yerda Rossiyaning muntazam qo‘shinlari bor degani emas. Farqini ko‘ring” deb barchani lol qoldirdi. The Guardian, The Telegraph, Washington Times, Newsweek va boshqa nashrlar bu so‘zlarda “Rossiya prezidentining birinchi marta Ukrainada RF harbiylari borligini omma oldida tan olishi”, deb baholadi.

Shuningdek, Putin Donald Trampni AQSh prezidentligiga nomzodlar ichida yetakchi deb baholashi ko‘pchilikning taajjubiga sabab bo‘ldi.
“Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi muhabbat ikki tomonlamaga o‘xshaydi”, - kinoyali tarzda yozadi Politico nashri kolumnisti va o‘quvchilarga Tramp ko‘p marotaba Putinni ko‘klarga ko‘tarib, uni AQShning bugungi rahbariyatiga o‘rnak qilib ko‘rsatganini eslatib o‘tadi.
Rossiya prezidentining Yozef Blatterga Nobel mukofoti berish lozimligi haqidagi gaplari ham tanqid ostiga olindi.

“Tushunmadim, Putin Blatterni maqtadimi, Nobel mukofotini masxara qildimi?”, - deb yozadi shvetsiyalik jurnalist Karl Frid Kleberg. New York Times sport sharhlovchisi Juliyet Makur o‘z noroziligini ifodalaydigan so‘zlar topa olmayotganini ta'kidlab o‘tdi.
CNN muxbiri Nik Robertsonning e'tirof etishicha, mamlakatning iqtisodiy ahvoli haqida gapirarkan, Putin barini ro‘y-rost tan olgan.

“O‘z so‘zlarida u tashqi omillarni aybdor qilib ko‘rsatmadi. U AQSh yoki, aytaylik, Fors ko‘rfazi davlatlari – Saudiya Arabistonini ayblab o‘tirmadi. Bu juda qiziq”, - qayd qilib o‘tdi u.
Umuman olganda, G‘arb tahlilchilarining aksariyati Rossiya yetakchisi ijobiy kayfiyatda ekanligini e'tirof etishdi.

Eldor Asanov tayyorladi

Top