O‘zbekiston | 11:27 / 18.12.2015
5107
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladi

Toshkent viloyati hokimi Ahmadjon Usmonovning 14 dekabrdagi farmoni bilan tashkilot, korxona va muassasalar, shuningdek, alohida shaxslarga tegishli aholi yashamaydigan obektlarda ularning o‘z mablag‘lari hisobidan videokuzatuv tizimlari o‘rnatilishi belgilandi.

Viloyat IIB hamda shahar va tuman hokimiyatlariga jinoyat ehtimoli yuqori bo‘lgan joylar, shuningdek, odamlar to‘planadigan dahalar va ko‘chalarni videokuzatuv bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratish topshirilgan.

Hujjatda qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan barcha aholi yashamaydigan obekt va inshootlarga kameralar o‘rnatish tavsiya etilgan.
Xususiy uy jamg‘armasi sub'yektlari, NNT va tadbirkorlik sub'yektlari uchun videokameralar o‘rnatish majburiy emas.
Ko‘p qavatli uylarning videokuzatuv kameralari bilan ta'minlanishi shaxsiy uy-joy egalari birodarliklari mablag‘lari hamda banklar ajratadigan kreditlar hisobiga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy soha obektlari va ta'lim muassasalari bunday kameralar bilan ushbu muassasalarning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobiga ta'minlanadi.
2016 yildan boshlab umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim muassasalari va viloyatning boshqa barcha byudjyet tashkilotlari xarajatlari smetasiga qo‘riqlash xizmati, shu bilan birga, qo‘riqlash punktlari bilan bog‘lanish pultlari sarflari kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Kamera yozuvlari jamoat tartibini va xavfsizlikni saqlash maqsadlarida qo‘llanishi mumkinligi alohida qayd qilib o‘tildi.
Ilgari Toshkent shahrida mana shunday tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgani xabar qilingan edi. Shahardagi barcha dahalar, mahallalar, ko‘p xonadonli uylar hamda aholi yashamaydigan obektlar tashqi kuzatuv kameralari bilan jihozlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish