Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi
Toshkentda Markaziy Osiyoda yadrodan holi zona yaratish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan idoralararo konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston TIV o‘rinbosari Dilyor Hakimov mustaqillik yillarida mamlakat tinch taraqqiyot yo‘lini tanlaganini, o‘z siyosatini gumanizm va tinchliksevarlik prinsiplariga asoslaganini ta'kidlab o‘tdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, Markaziy Osiyo xalqlari manfaatlarining umumiyligini teran anglagan holda respublika mintaqadagi barqaror taraqqiyotni ta'minlash borasida xalqaro miqyosda tegishli xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda.
“Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish, uni xavfsizlik va barqaror taraqqiyot zonasiga aylantirish mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor vazifasidir. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbuslar mana shunga yo‘naltirilgandir. O‘zbekistonning butun jahonda tan olingan va qo‘llab-quvvatlangan yirik xalqaro takliflari qatorida Markaziy Osiyoni yadroviy quroldan holi zonaga aylantirish tashabbusi o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Bu g‘oya prezident Islom Karimov tarafidan 1993 yilning 28 sentabrida BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilgari surilgan. Tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, O‘zbekiston rahbari shunday dedi: “O‘zbekiston yadroviy qurolni butunlay yo‘q qilish, yadroviy qurolni tarqatmaslik bo‘yicha shartnoma muddatining uzaytirilishi va boshqa samarador choralar tarafdoridir. Respublika Markaziy Osiyoni yadrodan holi zona deb e'lon qilish tarafdoridir”.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining ma'lumotlariga qaraganda, konferensiya ishida vazirlik va idoralar, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, BMT vakolatxonasi, YeXHT loyihalari koordinatori idorasi, boshqa xalqaro va mintaqaviy strukturalar, diplomatik missiyalar vakillari ishtirok etdi.