Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdan Urganchgacha poyezd orqali 8 soatda yetib borish imkoni paydo bo‘ladi
«O‘zbekiston temir yo‘llari» 2016—2017 yillarda uzunligi 396,9 kilometr bo‘lgan yangi «Navoiy—Konimex—Misken» temir yo‘l yo‘nalishini qurishni rejalashtirgan. Bu qurilish ishlari yakunlanganidan keyin Toshkentdan Urganch shahrigacha bo‘lgan 800 km masofalik yo‘lni 8 soat ichida bosib o‘tish imkoniga ega bo‘linadi. Taqqoslash uchun, hozirda bu yo‘lni 19 soat davomida bosib o‘tishmoqda.
Bu ma'lumot Xorazm viloyati Transport boshqarmasining Qo‘ng‘irot mintaqasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Iskandarovning «Pravda Vostoka» gazetasiga bergan intervyusida keltirilgan.
«Bu yo‘lning asosiy qismi sahrolar orasidan o‘tadi. Qurilish ishlarida 2000 nafardan ortiq kishi hamda ko‘p miqdordagi texnik vositalar xizmat qilmoqda», deya aniqlik kiritgan u.
Uning aytishicha, bu yo‘l qurilishida eng zamonaviy usullar qo‘llanilib, uning mustahkam bo‘lishi ta'minlanadi. Yangi yo‘lda poyezdlar soatiga 100 km tezlik bilan harakatlanadi.
O‘zbekiston prezidentining 2015 yil 27 iyuldagi qaroriga ko‘ra, yangi yo‘nalish Buxoro, Xorazm va Navoiy viloyatlarining, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining salohiyatini to‘liqroq va samaraliroq o‘zlashtirish uchun quriladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. 2016—2017 yillarga mo‘ljallangan qiymati 283,1 million dollarlik birinchi bosqichda teplovoz yordamida poyezdlar harakatlanishi uchun temir yo‘l uchastkasi quriladi. Muddati va qiymati keyinroq e'lon qilinadigan ikkinchi bosqichda esa Markaziy Qizilqumdagi Quljuqtov va Auminzatov tog‘-kon massivlari resurslarini o‘zlashtirish natijasida mintaqa energiya bilan ta'minlanishi inobatga olinib, temir yo‘l elektrlashtiriladi.
Yangi uchastka Misken stansiyasida «Navoiy—Uchquduq—Sulton Uvays tog‘i—Nukus» yo‘nalishi bilan birlashib, shimoliy yo‘nalishda yuk tashishni tezlashtirish imkonini beradi.