09:05 / 18.12.2015
7114

Tramp Putinning maqtovi uning uchun ulkan iftixor ekanini ma'lum qildi

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Rossiya yetakchisining amerikalik milliarder “prezidentlik poygasida mutlaq yetakchi” ekani to‘g‘risidagi so‘zlariga izoh berdi, deya xabar qilmoqda Politico. Tadbirkor mazkur baho uning uchun katta iftixor ekanini ma'lum qildi.

“Har doim nafaqat o‘z mamlakati, balki undan tashqarida ham hurmat qilinadigan kishidan xushomad eshitish ulkan iftixor sanalgan”, - dedi Tramp. U Rossiya va AQSh terrorizmga qarshi kurash hamda butun dunyoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha hamkorlikda muvaffaqiyatli ish olib borishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, savdo va boshqa sohalardagi hamkorlik Vashington uchun ham, Moskva uchun ham birdek manfaatli.

17 dekabr kuni Rossiya yetakchisi Trampning Rossiya va Amerika munosabatlarini yaxshilashga urinishiga ijobiy munosabatda ekanini ma'lum qilgan edi. “U munosabatlarning boshqa mustahkamroq darajasiga o‘tishni istayotgani haqida so‘zlaydi. Buni biz olqishlashimiz kerak emasmi? Albatta, buni olqishlaymiz”, - deya Putin so‘zlaridan iqtibos keltirdi TASS. Rossiya prezidenti o‘z so‘zida Trampni yorqin va iqtidorli inson deb atadi.

Top