Jahon | 16:15 / 19.12.2015
2389
1 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyadagi norozilik namoyishlari chog‘ida 75 kishi halok bo‘ldi

12 noyabr kuni Efiopiyaning Oromiya viloyatida boshlangan norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 75 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Human Rights Watch xalqaro huquq tashkiloti xabar berdi.

Protest harakati poytaxt Addis-Abebadan 80 km naridagi Ginchi shahrida boshlandi. Aholi investitsion loyiha doirasida o‘rmonlarning kesilishiga e'tiroz bildirdi. Mitinglar sekin-asta butun viloyatni qamrab oldi.

“Politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarata o‘t ochdi, kamida 75 kishi halok bo‘lib, ko‘plab odamlar jarohat oldi”, - deyiladi xalqaro tashkilotning bayonotida.
15 dekabr kuni Efiopiya rahbariyati namoyishchilarni “chet el terrorchi guruhlaridan topshiriq olayotgan kuchlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador”likda aybladi. Shu bilan bog‘liq ravishda ularga qarshi kurashga aksilterror kuchlari jalb qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish