Jahon | 12:07 / 19.12.2015
3777
2 daqiqa o‘qiladi

Obama Suriyada alaviylar manfaatlarini himoya qilishga chaqirdi

Oq uyda yil yakunlari bo‘yicha bergan katta matbuot anjumanida AQSh prezidenti Barak Obama Suriya va IShID masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Xususan, u mazkur masalalar yechimiga kelishda barcha tomonlar, jumladan, Eron va Rossiya manfaatlarini inobatga olishga chaqirdi.

Uning fikricha, bugun Suriyada siyosiy o‘tish davrini boshlab, tinchlik sari bir ko‘prik tashlash imkoniyati bor. Bu davrda amaldagi prezident Bashar Asad va uning ittifoqchilari manfaatlari ham chetda qolib ketmaydi.

Bundan tashqari, Obama Bashar Asad mansub bo‘lgan diniy kamchilik – alaviylarning manfaatlarini ham himoya qilish zarurligini ta'kidladi. Shunga qaramay, Asad o‘z qonuniy hokimiyatini yo‘qotib bo‘lgani, u ketmasa, mamlakatda qon to‘kilishi to‘xtamasligi borasidagi fikrlar yana bir bora takrorlab o‘tildi.

Siyosiy o‘tish jarayoni Suriyaning yagona davlat sifatida saqlab qolishni va o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olishi lozim, deb qo‘shimcha qildi AQSh yetakchisi.
“Bu tinchlik ideal bo‘lmaydi, lekin kuchlarni asosiy maqsadga – IShIDni yo‘q qilishga qaratishga yordam beradi”, - xulosa qildi Obama.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish