12:45 / 19.12.2015
3107

O‘zbekistonning ishchi guruhi Saudiya Arabistoni diniy muassasasi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi

2015 yilning 18 sentabr kuni o‘zbekistonlik ishchi guruhi a'zolarining faoliyati O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hojilariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasa tomonidan maxsus faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sayti orqali xabar qilindi.

“Hozirgi kunda Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj ishlari vazirligi tomonidan O‘zbekistonning haj va umra tadbirlarini tashkil etishi va uni o‘tkazishi rivojlangan yirik davlatlar safida ekanligi e'tirof etilmoqda”, - deb ta'kidlanadi xabarnomada.
Shu munosabat bilan qo‘mita Haj va Umra safarlariga borish uchun navbatga turishning yangilangan tartibini eslatib o‘tdi.

Aytilishicha, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan 2013 yil 6 fevral kuni qabul qilgan “Tartib” safarga borish tartiblarini belgilab beradi. Mazkur tartibga ko‘ra Haj va Umra safarlariga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar hujjatlarini qabul qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
- Haj va Umra ziyoratlariga borish uchun arizachi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi lozim.
- Fuqarolarning Haj va Umra tadbirlariga borish uchun arizasi ularning doimiy yashash joylaridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo‘yib boriladi.

- Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizani qabul qilib olgandan so‘ng arizachiga ro‘yxatda turganligini aks ettiruvchi ma'lumotnoma taqdim qiladi.
- Ro‘yxat bo‘yicha navbati kelgan fuqarolar tashkiliy guruh tomonidan chaqirtiriladi va hujjatlari rasmiylashtiriladi.

- Haj va Umra tadbirlariga borish uchun ro‘yxatda turgan fuqaroning o‘z navbati kelganda muayyan sabablarga ko‘ra ziyoratga borish imkoni bo‘lmasa, u ariza bilan navbatini keyingi yilga orqaga surishi mumkin.
- Ikki yildan so‘ng ham fuqaroning muayyan sabablarga ko‘ra ziyoratga borish imkoni bo‘lmasa uning navbati bekor qilinadi.

- Fuqaroning navbati bekor qilinganda uning o‘rniga navbatda undan keyin turgan fuqaro ziyoratga borish huquqiga ega bo‘ladi hamda bu haqda ziyoratga borish huquqiga ega bo‘lgan fuqaro xabardor qilinadi.
- Navbati bekor qilingan fuqarolar Haj va Umra tadbirlariga borish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatga qaytadan yoziladi.
- Navbatda turgan fuqarolarning o‘z navbatini o‘zaro almashtirishiga yoki uni ro‘yxatda turmagan fuqarolarga berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

- Tashkiliy guruhlar tegishli yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan Haj va Umra tadbirlariga boradigan ziyoratchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolardan o‘zlari hisobda turgan tibbiyot muassasalaridan salomatligi, ziyoratga borishga qodir ekanligi haqidagi ma'lumotnomani va rangli fotosuratlarini qabul qilib oladi.

Tegishli yilda Haj va Umra ziyoratlariga boradigan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi qo‘shimcha shartlar mavjud.
Jumladan, muqaddas safarga mumkin qadar ko‘proq fuqarolarimizning borishlarini ta'minlash maqsadida Haj safariga bormoqchi bo‘lgan fuqaro so‘nggi besh yil mobaynida Hajga, Umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan fuqaro esa oxirgi ikki yil mobaynida Umra yoki Hajga bormagan bo‘lishi sharti kiritilgan.

Shuningdek, islom dini ta'limoti talablariga ko‘ra, Haj va Umra ziyoratlariga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar voyaga yetgan bo‘lishi va 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun mahramlarining (eri, otasi, o‘g‘li, akasi, ukasi va h.k.) ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etilishi lozim.

Top