Sport | 21:07 / 19.12.2015
8301
4 daqiqa o‘qiladi

Xiddink va “Chelsi”: tarix yana takrorlanadimi?

Xiddink “Chelsi”ga ilk bor 2009 yilning fevralida, Luis Felipe Skolari jamoani boshqara olmayotgani oydin bo‘lganda keldi. Janubiy Amerika futbol “otasi”ga aylangan Skolari uchun Yevropa futboli “sovuqlik” qilgan edi. Shu bois uni iste'foga chiqarib, o‘rniga Xiddinkni olib kelishgandi.

Jamoa

Xiddink o‘shanda jamoa tarkibidan nolimasa ham bo‘lardi: chunki “Chelsi”da Eshli Koul, Terri, Lempard, Essen va Drogba to‘p surardi.

Natija

Xiddink jamoaga kelgach, besh o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozonildi. Bundan tashqari Chempionlar Ligasi bahsining pley-offida “Yuventus” mag‘lub etildi. Uch oy ichida jamoa faqatgina “Tottenhem”ga mag‘lub bo‘ldi. Gusni jamoaga chaqirishlaridan maqsad, u jamoani Chempionlar Ligasidagi o‘rnini saqlab qolish edi va u bu ishni hech bir muammosiz amalga oshirdi.

Drama

Xiddink boshchiligidagi “Chelsi” bir qator dramatik o‘yinlar o‘tkazdi. Jumladan, bunga misol qilib, 2008-2009 yillardagi Chempionlar Ligasi doirasida o‘tgan “Barselona” bilan o‘yinni e'tirof etish mumkin. Kataloniyada o‘yin oldidan Xiddink “Barsa”ga qarshi hujumkur o‘yin ko‘rsatishlarini aytdi va bu borada aldadi: o‘sha o‘yinda “Chelsi” himoyaga yotib oldi.

Javob uchrashuvida “Chelsi”ga zafar kulib boqayotgandi, ammo o‘yin yakunida Anders Inesta o‘zining goli bilan barcha narsaga nuqta qo‘ydi. O‘shanda o‘yin qahramoni nafaqat Inesta bo‘lgandi, balki norvegiyalik hakam Evrebe ham bunga o‘z hissasini qo‘shgandi. U o‘yinda “Chelsi” foydasiga belgilanishi kerak bo‘lgan to‘rtta penaltidan bittasini ham belgilamadi. “Bu sharmandalik!” deb qichqirgandi o‘shanda Drogba kameralar qarshisida.
Ammo “Chelsi” so‘nggi o‘yinda g‘alaba qozonib, Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. Yarim finalda “Arsenal”, finalda esa “Everton” mag‘lub etildi.

Xayirlashuv

“Chelsi” o‘yinchilari Gusni jamoada qolishini juda istashardi, ammo murabbiy Rossiya terma jamoasidagi ishini davom ettirishga majbur edi. “Men undan yigirmanchi marta jamoada qolishini so‘raganimdan so‘ng, bekorga harakat qilayotganimni tushunib yetdim”, — degan edi Jon Terri.
Hayirlashuv oldidan jamoa Xiddinkka Rolex Dayton qo‘l soatini sovg‘a qildi.

Qaytish

“Chelsi”dan keyin Xiddinkka omad kulib boqmadi — Rossiyani JCh-2010 ga olib chiqa olmadi, Turkiya Yevro-2012 ga bora olmadi, Gollandiyaga ham Yevro-2016 da qatnashish nasib qilmadi. Faqatgina “Anji” bilan ishlari biroz yurishdi xolos: jamoa Yevropa Ligasi musobaqasida uchlikka kira oldi.
Gollandiyada murabbiy Xiddink tamom bo‘ldi, deb o‘ylashgandi. “Ayaks” jamoasi murabbiyi Ronald de Bur uni qariganga chiqarib qo‘ydi. Ammo uning “Chelsi”ga taklif qilinishi bekorga o‘xshamaydi, buni albatta vaqt ko‘rsatadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish