Sport | 00:00 / 20.12.2015
5455
3 daqiqa o‘qiladi

Angliya Premer ligasi, 17-tur: musobaqa peshqadami “Lester” “Everton”ni, “Chelsi” “Sanderlend”ni yutdi, “MYu” esa “Norvich”ga yutqazdi

Angliya Premer ligasi peshqadami “Lester Siti” 17-turda mehmonda “Everton”ni 2:3 hisobida mag‘lub etdi. 1-bo‘limda jamoalarning darvozalari bir martadan ishg‘ol etildi: 27-daqiqada Riyad Marez penaltini amalga oshirdi, bir necha daqiqadan keyin Romelu Lukaku hisobni tenglashtirdi. 65-daqiqada “tulkilar” yana bitta penaltini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdilar, uni ham Marez amalga oshirdi, 4 daqiqadan keyin Sindzi Okadzaki “irislar” darvozasiga yana bitta to‘p kiritdi. O‘yin oxirida “irischilar” Kevin Miralyasning to‘pi evaziga hisobni minimal farqqacha qisqartirishdi. Klaudio Raneri shogirdlari ushbu g‘alabalari evaziga “Arsenal”dan 5 ochkoga o‘zib ketdilar. “Arsenal” esa tur doirasida 21 dekabrda “Manchester Siti” bilan uchrashadi.

Angliya Premer-ligasi, 17- tur

Everton – Lester Siti – 2:3
Gollar: Marez, 27 (0:1, pen); Lukaku, 32 (1:1); Marez, 65 (1:2, pen); Okadzaki, 69 (1:3); Miralyas, 89 (2:3).

Musobaqa jadvalida 3-o‘rinda ketayotgan “Manchester Yunayted” “Old Trafford”da 18-o‘rindagi “Norvich Siti”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. 38-daqiqada Kemeron Jyerom mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, 54-daqiqada esa Aleksander Tetti hisobni 2 ta to‘p farqiga yetkazib qo‘ydi. Lui van Gal shogirdlari Antoni Marsyalning 66-daqiqadagi sa'y-harakatlari evaziga raqib darvozasiga bitta javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.

Manchester Yunayted – Norvich Siti – 1:2
Gollar: Djyerom, 38 (0:1); Tetti, 54 (0:2); Marsyal, 66 (1:2).

“Chelsi” Joze Mourinyu klubni tark etgandan keyingi birinchi o‘yinida “Sanderlend”ni yutdi. “Stemford Brij” stadionida o‘tgan uchrashuv 3:1 hisobida “aristokratlar” hisobiga yakunlandi. “Chelsi”ni bosh murabbiy vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Stiv Xolland boshqardi.

To‘plarni “Chelsi” safida Branislav Ivanovich, Pedro, Oskar, “Sanderlend”dan esa Fabio Borini kiritdi.
“Chelsi” shu g‘alabasi evaziga 18 ochko yig‘ib, 15-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Chelsi – Sanderlend – 3:1
Gollar: Ivanovich, 5 (1:0); Rodriges, 13 (2:0); Oskar, 50 (3:0, pen); Borini, 53 (3:1).

Turdan o‘rin olgan qolgan uchrashuvlarda quyidagi natijalar qayd qilindi:

Sautgempton – Tottenxem Xotspur – 0:2
Gollar: Keyn, 40 (0:1); Alli, 43 (0:2).

Vest Bromvich Albion – Bornmut – 1:2
Gollar: Smit, 52 (0:1); Makauli, 79 (1:1); Deniyels, 87 (1:2, pen).
Chetlatish: Makklin, 34; Rondon, 90+5 – net.

Stok Siti – Kristal Pelas (London) – 1:2
Gollar: Uikxem, 45+1 (0:1, pen); Krkich, 76 (1:1, pen); Yon, 88 (1:2).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish