18:48 / 20.12.2015
3073

Ostona-Bishkek reysi yo‘lovchilari bomba tahdidi tufayli bir soat davomida samolyotdan chiqarilmadi

Ilgari xabar qilinganidek, Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi “Manas” aeroportining elektron pochtasiga bomba haqida xabar kelib tushishi munosabati bilan aeroport faoliyati bir soatga to‘xtab qoldi. Voqea joyiga yetib kelgan favqulodda kuchlarning tekshiruvlari biror natija bermadi, tahlika yolg‘on deb e'lon qilindi.

Ostona-Bishkek reysini amalga oshirayotgan samolyot yo‘lovchilari qariyb bir soat davomida bortdan tashqariga chiqarilmadi. Bu yo‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Samolyotdagi ayrim foydalanuvchilar o‘z taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlarda yozishdi.

“Samolyotdan chiqarishmayapti, aytishlaricha, aeroportda vahima, bomba qidirishmoqda”, - deb yozdi yo‘lovchilardan biri Azamat Tinayev Twitter’dagi mikroblogida.

Tekshiruvlar tugaganini ham u xabar qildi: “Maxsus xizmatlar xodimlari, itlar va kinologlar mashinaga minishdi va ketishdi”.

Tekshiruvlar davomida portlovchi uskuna aniqlanmadi. Xabar noma'lum IP-dan yuborilgani aytilmoqda.

Top