18:05 / 21.12.2015
7906

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi lavozimidan ozod qilindi

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Alisher Salohitdinov o‘z lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida ma'lum qilingan.

Ma'lumot uchun, u 2012 yildan beri shu lavozimda ishlab kelayotgandi.
Hozircha uning o‘rniga tayinlangan yangi elchi haqida ma'lumot yo‘q.

Salohitdinov 1979 yilda Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) sharqshunos-tarixchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U 1998 yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ishlagan. U xalqaro munosabatlar bo‘yicha magistr hisoblanadi. Bu diplomat ingliz, rus va fors tillarini puxta egallagan.

Salohitdinov 1995 yildan O‘zbekistonning Ukrainadagi konsuli, 1997 yildan O‘zbekiston TIVning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, 1998 yilning sentabridan O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi ishonchli vakili, 1999 yilning yanvaridan O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimlarida ishlagan. 2007 yilda u O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi sifatida tayinlangandi.

Top