17:27 / 21.12.2015
5852

Qarshi shahrida Yangi yil bayramiga oid konsert dasturlari namoyishi boshlandi

Qarshi shahri va tumanlar markazlaridagi aholi gavjum joylarda, markaziy maydonlar, madaniyat va istirohat bog‘larida Yangi yil archalari o‘rnatildi.

Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘ining ma'lum qilishicha, bayram tadbirlarini tashkil etish ishlari boshlangan.

Yangi yil munosabati bilan tumanlarda, ayniqsa, chekka hududlarda o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida teatr aktyorlari va estrada xonandalari o‘zlarining teatrlashtirilgan dasturlari bilan ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida, Navro‘z xiyoboni va Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida teatrlashtirilgan tomoshalar, konsert dasturlari namoyishi boshlandi, deb xabar beradi O‘zA.

Tadbirlar doirasida Mehribonlik va Muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlar, ixtisoslashgan tarbiya muassasalarining o‘g‘il-qizlari, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalar farzandlariga Prezident sovg‘alari topshiriladi.

Yirik savdo tashkilotlari tomonidan maydonlarda o‘rnatilgan archalar atrofida ko‘chma savdo do‘konlari tashkil qilinmoqda.

Top