21:49 / 22.12.2015
7939

Forbes 2015 yilda eng ko‘p foyda keltirgan aktyorlar nomini e'lon qildi

Amerikaning Forbes jurnali 2015 yilda Gollivudning eng ko‘p foyda keltirgan aktyor va aktrisalari nomini e'lon qildi.

Ro‘yxatda Kris Evans boshchilik qilmoqda. Unga sarflangan har bir dollar kinostudiyaga 181,8 dollar bo‘lib qaytib kelgan. U foyda keltirgan filmlar: “Qasoskorlar: Altron davri” va “Birinchi qasoskor: O‘zga urush” hisoblanadi. Ikkinchi o‘rinda esa “Yupiterning yuksalishi” va “Oz: Ulug‘ va qo‘rqinchli” filmlarida rol ijro etgan Mila Kunis bormoqda. Unga sarflangan har bir dollar o‘rni 87,3 dollar foyda keltirgan.

Uchinchi o‘rinda biroz farq bilan Skarlett Yoxansson bormoqda. U “Qasoskorlar: Altron davri” va “Lyusi” filmlarida ijro etgan roli orqali 85 dollar foyda olib kelgan. To‘rtinchi o‘rinda Gvinet Peltrou nomi qayd etilgan. U o‘ziga sarflangan bir dollar mablag‘ni 82,9 dollar bilan qoplagan. Kuchli beshlikni Emma Stoun 54 dollar bilan yopib bergan.

Top-10likda Kris Xemsvort (42,1 dollar), Vin Dizel (40,3 dollar), Jyennifer Lourens (39,1 dollar), Mark Uolberg (39,1 dollar) va Dueyn "Skala" Jonson (28,1 dollar) nomlari aytib o‘tilgan.

Top