12:20 / 22.12.2015
5072

Oliy ligaga «Obod» o‘rniga «Dinamo» klubi qaytarilishi mumkin

2016 yilgi Oliy ligada 16ta jamoa ishtirok etadi va ulardan biri joriy mavsum yakunida eng oxirgi o‘rinni egallagan holda quyi ligaga yo‘l olgan Samarqandning «Dinamo» klubi bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Professional futbol Ligasida yangi mavsum uchun qur'a tashlash marosimidan oldin turnirda ishtirok etuvchi jamoalar masalasi ko‘rildi.

Yangi yildagi Oliy liganing ilk turi qachon bo‘lib o‘tishi ma'lum qilingan.

Unga ko‘ra, 2016 yilgi Oliy liga bahslari 5 va 6 mart kunlari start oladi. Dastlabki tur aynan shu kunlarga belgilangan. Ikkinchi tur esa 11 va 12 mart kunlari bo‘lib o‘tishi aniq bo‘lgan.

Keyingi mavsumda Oliy ligada nechta jamoa qatnashishi ham ma'lum bo‘lgan.

«2016 yilda Oliy ligada 16ta klub qatnashadi», deyilgan yangi mavsumga qur'a tashlash jarayoni vaqtida.

Shuningdek, yig‘ilishda «Obod» klubining litsenziyalar bilan bog‘liq masalasi muhokama qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, hali ushbu klub Oliy ligada ishtirok etish uchun yetarli hujjatlarga ega emas.

«Agar 10 yanvargacha litsenziyalashtirish masalasini ijobiy hal qilmasa, «Obod» Birinchi ligaga qaytadi va uning o‘rnini Samarqandning «Dinamo» jamoasi egallaydi», deyiladi uff.uz xabarida.

Top