23:39 / 22.12.2015
21692

Yulduz Usmonova 30 yillik ijodiy faoliyatidagi 60-musiqiy albomini taqdim etdi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 2015 yil ham odatga ko‘ra yil so‘ngida o‘zining yangi musiqiy albomi taqdimotini o‘tkazdi.

“Men sen bilan qirolichaman” nomli yangi albom taqdimoti marosimi 22 dekabr kuni Toshkent shahridagi “Navro‘z” restoranida bo‘lib o‘tdi.

2015 yilning 12 dekabrida 52 yoshni qarshilagan xonanda katta sahnaga 30 yil muqaddam ko‘tarilgandi. U shu vaqtgacha o‘zbek muxlislari uchun 60ta albom taqdim etdi. So‘nggi yillarda xonanda yiliga ikkita musiqiy albom taqdim etishni odat qilgan.

Uning yangi albomida 18ta tarona joy olgan bo‘lib, bu qo‘shiqlar yaratilishida tajribali va mahoratli ijodkorlar bilan hamkorlik qilingan.
Xususan, xonanda prodyuser Mansur Agaliyev, ovoz rejissyorlari Aleksander Kvan, Mashhur Sattorov, Zokir Ataboyev, musiqachilar Abdurashid Usmonov, Asqar Ibragimov, Xayrulla G‘ofurov, Rustam Mahkamov va boshqalar bilan ishlagan. Musiqa rahbari Baxtiyor Ismanov bo‘lgan.

Albomga nom sifatida tanlangan “Men sen bilan qirolichaman” qo‘shig‘ini u o‘z qizi Nilufar Usmonova bilan duet tarzida kuylagan.

Albomdagi "Men bobomni sog‘indim" va "Musofirlik nonin yeganlar" nomli qo‘shiqlari ijtimoiy mavzuda bo‘lib, ularda bugungi kunning dolzarb muammolari aks etgan.

Xonanda turmush o‘rtog‘iga atab "Yo Mansur" nomli sho‘x taronani ijro etdi.

Shuningdek, uning "Samarqand" nomli yangi qo‘shig‘i ko‘pchilik uchun o‘ziga xos va yorqin qo‘shiq sifatida qabul qilinishi mumkin. Bu qo‘shiqda u Samarqand zaminidan yetishib chiqqan zamona qahramonini tarannum etadi.

"Sohibqiron davlat tuzgan zamoni,
Olamning sayqali bo‘lgan Samarqand.
Yana shu zaminga berdi dahoni
Shu elda tug‘ildi temuriy farzand.
Ey Sohibqironga munosib voris,
Qullik xalq boshida bo‘lganda balo
Istiqlol bayrog‘ini qo‘lga oldingiz,
Hurriyat olinur, berilmas aslo.
deya kuylaydi Yulduz Usmonova.

Kun.uz sayti ushbu tadbirdan reportaj tayyorladi. Bu reportaj bilan yaqin vaqt ichida tanishishingiz mumkin bo‘ladi.

Top