Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda 2016 yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud haqidagi bayonnoma ratifikatsiya qilinishi mumkin
AQSh Davlat departamenti 2016 yilda AQSh Kongressi senati Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud haqidagi bitimning bayonnomasini tasdiqlashga umid qilmoqda. Bu haqda jurnalistlarga AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Deniel Rozenblyum ma'lum qildi.
“Biz bu bitim bilan juda yaxshi tanishmiz va ma'muriyatimiz bu kelishuvning ratifikatsiya qilinishini tavsiya qiladi. Biz senatga buni tavsiya qildik, bilganingizdek, bizda xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning murakkab tizimi mavjud”, deb aytdi Rozenblyum matbuot-anjumanda.
“Bir necha oy avval ma'muriyatimiz bu bitimni senatga taqdim qilgan va 2016 yilda u tasdiqlanishiga umid qilamiz... Biz bunga qarshi senatda hech qanday muxolifatni ko‘rmayapmiz”, deb qo‘shimcha qildi Rozenblyum.
Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud haqidagi bitim 2006 yil 8 sentabrda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tomonidan Semipalatinskda imzolangan. Bitim yadroviy qurolga ega davlatlar tomonidan imzolanishi uchun ochiq bo‘lgan bayonnomaga ega. Ushbu bayonnomaga ko‘ra, uni imzolagan davlatlar bitim ishtirokchilariga qarshi yadroviy qurol ishlatmaslik va uni ishlatish bilan tahdid qilmaslik majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.