09:03 / 23.12.2015
8926

Guliston shahrida «Do‘stlik» kanalini betonlash ishlari yakunlandi

Sirdaryo viloyatidagi «Do‘stlik» kanalining Guliston shahridan o‘tadigan qismini betonlash ishlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Sirdaryo viloyati faollari, nuroniylar va yoshlar 19 dekabr kuni bu yerda amalga oshirilgan rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

«Do‘stlik» kanali Sirdaryodagi «Farhod» gidroelektrostansiyasining tashlama kanalidan suv oladi. Uzunligi 117 kilometr bo‘lgan kanal 236 ming gektardan ziyod maydonga suv yetkazib beradi. Shu bois qishloq xo‘jaligi ekinlarini uzluksiz sug‘orish maqsadida avval aylanma kanal qazildi. So‘ng «Do‘stlik» kanalining suvi to‘xtatilib, qoldiq suvlar nasos yordamida chiqarib tashlandi.

Betonlash ishlariga muhandis va quruvchilar, zamonaviy texnikalar jalb etildi. Dastlab kanal tubi metall konstruksiyalar bilan mustahkamlandi. Shag‘al to‘kilib, beton yotqizildi. Filtratsiyani kamaytirish uchun plitalar orasiga eni bir metrlik geomembrana qo‘llanildi. Eni 50, chuqurligi 8 metr bo‘lgan kanalning shahardan o‘tadigan qismi tubdan qayta ta'mirlandi.

Kanal ostidan uzunligi 115 metr bo‘lgan ikki qatorli dyuker qurildi. 261 kilometrlik ochiq kollektor-drenaj tarmog‘i qayta tiklandi. Yangi yopiq drenajlar, meliorativ nasos stansiyalari barpo etildi.

Bundan tashqari, kollektorlarda suv turib qolishining oldini olish maqsadida chuqur dyukerlar qurildi. Drenaj tarmog‘idagi suvlarni temir va avtomobil yo‘llari ostidan olib o‘tish uchun ularga ta'sir o‘tkazmagan holda, murakkab texnologiya asosida quvurlar tortildi. 230 metr uzunlikdagi metall quvurlar montaj qilindi va 3 suv o‘tkazish nazorat quduqlari qurildi.

Bunday tizimli ishlar samarasida shahardagi yer osti suvi sathini 1,5 metrgacha pasaytirishga erishildi. 2015 yilning mart oyida yer osti suvlari sathi o‘rtacha 0,9-1,2 metrni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1,7-2,5 metrgacha pasaygan.

Ma'lim qilinishicha, shu munosabat bilan Gulistondagi Yoshlar markazida tadbir bo‘lib o‘tib, tadbirni Sirdaryo viloyati hokimi O.Ashurmatov ochdi.

Tadbirda ishtirok etgan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sh.Hamroyev, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari A.To‘xtayev, Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat loyiha ilmiy-tekshirish instituti bosh direktori Y.Ma'rupov, «O‘zshaharsozlik» loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Shonazarov va boshqalar Sirdaryo viloyatida meliorativ holatni yaxshilash, Guliston shahrida yer osti suvi sathini pasaytirish borasida qilingan ishlar, bosh reja asosida shaharda amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ma'lumot berdi.

Shunigdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari H.Ortiqboyeva, Sirdaryo nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasi yetakchi mutaxassisi P.Do‘stmamatov va boshqalar tomonidan Guliston shahrining qiyofasini yangilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash va hayot sifatini oshirishga qaratayotgan e'tibori uchun viloyat ahli nomidan Prezidentga minnatdorlik bildirildi.

Guliston shahridagi yer osti suvi sathini pasaytirish ishlari davomida drenaj tarmoqlariga o‘rnatilgan zamonaviy texnologiya asosida shahar ostidagi suv sathi muntazam monitoring qilib boriladi. Mavjud melioratsiya va irrigatsiya infratuzilmasi takomillashtiriladi.

Keyingi yillarda viloyat bo‘yicha 3 ming 905 zamonaviy uy-joy, Guliston shahrida 97 ko‘p qavatli bino barpo etiladi. 1 ming 165 kilometr suv tarmoqlari yangilanadi va rekonstruksiya qilinadi. Qariyb 400 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi ma'lum qilinmoqda.

Ta'kidlanishicha, Guliston shahrining bosh rejasiga muvofiq shahar hududi kengaytiriladi. Bu yerda yangi ta'lim va tibbiyot muassasalari, san'at va sport saroylari, yo‘l va ko‘priklar, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etiladi. «Do‘stlik» kanali atrofi sayilgohga aylantirilib, istirohat bog‘i bilan yaxlit ansamblni tashkil etadi.

Shuningdek, o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

Top