OAV “Koinot go‘zali” finali haqida: bu ataylab uyushtirilgan edimi?
21 dekabr kuni Las-Vegasda o‘tgan “Koinot go‘zali” tanlovi finalida ro‘y bergan hodisa jamoatchilik og‘zidan tushmay kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, boshlovchi, ayni paytda komik aktyor va yozuvchi Stiv Xarvi kartalarni adashtirib yuborib, Kolumbiya go‘zali Ariadna Guterresning g‘alabasini e'lon qildi. Go‘zal boshiga tojni kiyib, bir necha daqiqa olqishlarga sazovor bo‘ldi. Daf'atan Stiv Xarvi sahnaga qaytib, yanglishganini bildirdi va g‘alaba Filippin go‘zali Pia Alonso Vurtsbaxga tegishli ekanligini ma'lum qildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ketgan bu sahna internetga joylashtirilib, qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
Videoda boshqa ishtirokchilar Ariadna ovuntirishga uringanini kuzatish mumkin.
“Kolumbiya go‘zalining orzusi Las-Vegasda bir necha daqiqaga amalga oshdi – u “Koinot go‘zali” deb e'lon qilindi”, - deb yozadi OAV.
Kolumbiya prezidenti Ariadna mamlakat ahli uchun g‘oliba bo‘lishini ta'kidladi. Bir guruh advokatlar tanlov tashkilotchilarini sudga berishga hozirligini aytmoqda. Jurnalistlar bu tomosha ataylab uyushtirilganini yozmoqda.
Bu orada internet Stiv Xarvining xatosini keskin tanqid ostiga olmoqda. Uning bu ishi tufayli haqiqiy g‘oliba ham, g‘alabaga bir necha daqiqaga erishgan Ariadna ham noqulay ahvolda qolishdi, chinakam g‘alaba nashidasini esa hech kim surmadi. Bu yilgi “Koinot go‘zali”da g‘alaba quvonchi kuzatilmadi, deb xulosa qiladi tabloidlar.
Bir guruh mashhurlar Twitter orqali ro‘y bergan voqeani muhokama qilishdi.
Sport sharhlovchisi Set Devis: “Men Koinot go‘zali nimaligini bilmas ham edim. U mening diqqatimni tortdi”.
Yozuvchi Atul Xari: “#MissUniverse2015 atrofidagi bahslar odamlar uning takrorlarini ko‘rishi uchun uyushtirildi, aks holda u ertasigayoq unutilardi”.
Sport jurnalisti Les Ist: “Men fitnalar nazariyasiga mutlaqo sotilmayman, lekin bu Koinot go‘zali eng diqqat tortar bo‘ldi. Har doimgidan ham”.
Boshqa ko‘plab madaniyat vakillarining shu kabi fikrlaridan kelib chiqadigan xulosa shuki, tanlov tashkilotlari o‘z tadbirlariga ko‘proq diqqat tortish maqsadida bu “xato”ni o‘zlari uyushtirgan bo‘lishi mumkin. Aldangan Kolumbiya go‘zalining his-tuyg‘ulari oyoqosti bo‘lgani esa ularni qiziqtirmaydi, deya ta'kidlaydi jurnalistlardan biri.
Ariadna Guterresning fan-klubi tomonidan chop etilgan videolavhada ko‘rinishicha, muxlislar orasida o‘tirgan bir ayol sahnaga yaqinlanlashib, Stiv Xarviga Vurtbaxning sharifi yozilgan kartani uzatgan. Bu videoning haqqoniyligi shubha ostiga olinganiga qaramay, shu asosda tanlovdagi birinchi o‘rin sotilgani bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Tanlov yaqin-yaqingacha milliarder, AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga tegishli edi. Shu bois bo‘lib o‘tgan voqeada uning qo‘li borligi ham taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, Trampning ketishi bilan nufuzi tusha boshlagan tadbir shu yo‘l bilan o‘zini reklama qilib oldi, degan fikr yo‘q emas.