14:39 / 23.12.2015
7242

OAV: Saratonga chalingan pokistonlik talabaning oilasiga nihoyat Avstraliyaga kirish vizasi berildi

Emirates247 nashri Avstraliyaga Pokistondan talabalik vizasi bilan kelgan 25 yoshli Hasan Osifning taqdiri haqida material joylashtirdi.

Aytilishicha, yigitga terminal bosqichdagi saraton tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar uning yana bir necha hafta umri qolganini ochiq aytishgan.

Shu munosabat bilan uning yaqinlari – onasi va ukasi Avstraliyaga kelib, Osifning so‘nggi kunlarida u bilan birga bo‘lishni istashgan. Lekin Avstraliya hukumati turli sabablarga ko‘ra ularga viza berishdan bosh tortgan.

Bunday qaror shahar uysizlariga boshpana berish Melburn missiyasining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Ushbu tashkilot Osifga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Uning faollari immigratsiya vaziri Piter Dattonni rahmdil va hamdard bo‘lishga chaqirgan.
“Hasan o‘lim bilan yolg‘iz yuzlashmoqda, immigratsiya idorasi esa uning onasiga viza bermayapti”, — deyiladi tashkilotning Facebook’dagi sahifasida.

“Biz Piter Dattonni voqeaga aralashib, Hasanning oilasi bilan oxirgi marta uchrashishiga imkoniyat berishga chaqiramiz”, — deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Muxolifat ham Dattondan bu “byuroktratik bema'nilik”ni bartaraf etishni talab qildi.

Datton, o‘z navbatida, bergan matbuot anjumanida dastavval viza bermaslik qarori to‘g‘ri bo‘lganini e'tirof etdi, biroq yarim soatdan so‘ng Islomoboddagi xodimlariga hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishni topshirganini va natijada vizalar topshirilganini ma'lum qildi.

“Umid qilamanki, yaqin kunlarda ular Avstraliyaga kelib, o‘zlarining o‘lim to‘shagida yotgan jigarlari bilan ma'lum muddat birga bo‘lishadi. Avstraliyaliklarning ko‘pchiligi buni yoqlaydi, deb o‘ylayman”, — ta'kidladi amaldor.

Melburn missiyasi vakili Sherri Bryunxautning ma'lum qilishicha, bu xabarni eshitgan Hasan Osif yig‘lab yuborgan.

“Bu yangilikni eshitganimizda barchamiz yig‘ladik”, — qo‘shimcha qildi u.

Top