10:01 / 23.12.2015
4453

Rossiya matbuoti: Turkiya tekstili norasmiy taqiqlanmoqda

Rossiyaning sanksiyalariga uchragan Turkiya tovarlari ro‘yxatiga kirmaydigan tekstil mahsulotlari va matolari norasmiy tarzda taqiqlanmoqda, ularni olib kirishning iloji bo‘lmayapti, deb yozadi “Kommersant'” gazetasi. Bu haqda konstitutsion qonunchilik bo‘yicha Duma qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vadim Solovyovning bosh vazir Dmitriy Medvedev hamda sanoat va savdo vaziri Denis Manturovga yo‘llagan maktubida aytilgan.

“Turkiyada mahalliy tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida sotib olingan matolar hamon Turkiyada qolmoqda, yetkazuvchilar ularni olib kelishdan bosh tortmoqda, yoki tovar yuklangan mashinalar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tranzit zonasida qolmoqda”, - deyiladi maktubda.

Siyosatchining so‘zlariga qaraganda, xom ashyoning yo‘qligi Rossiya korxonalarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bunda mahsulotning mazkur turi hatto Turkiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatiga ham kiritilmagan. Qizig‘i, sanktsion ro‘yxatning o‘zi ham yangi yildan kuchga kiradi.

“Amalda bojxona organlari Rossiyadagi ushbu yo‘nalishdagi ko‘plab kompaniyalarning tijoriy faoliyatiga to‘sqinlik yaratmoqda”, - deb xulosa qilinadi hujjatda.

Top