Jahon | 16:50 / 23.12.2015
3116
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston parlamenti CASA-1000 loyihasi bo‘yicha oltita kelishuvni ratifikatsiya qiladi

Tojikiston parlamenti quyi palatasining 24 dekabr kuni o‘tadigan navbatdagi yig‘ini kun tartibiga CASA-1000 loyihasi bo‘yicha oltita kelishuvni ratifikatsiya qilish masalasining muhokamasi qo‘yilgan. Bu haqda mahalliy matbuot xabar bermoqda.

Aytilishicha, deputatlar Tojikiston Respublikasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi “Mintaqalararo elektr energiyasi savdosi” (CASA-1000) loyihasi bo‘yicha kafolatlar berilishi masalasini ko‘rib chiqadi. Bular: “Barqi tojik” va YeTTB o‘rtasida CASA-1000 loyihasi bo‘yicha kredit kelishuvi; TR va Xalqaro rivojlanish uyushmasi o‘rtasida “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida elektr energiyasi uzatish va u bilan savdo qilish” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv; Xalqaro rivojlanish uyushmasi va “Barqi tojik” o‘rtasida “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida elektr energiyasi uzatish va u bilan savdo qilish” loyihasi bo‘yicha kelishuv; RT va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Tojikistonning CASA-1000 loyihasidagi ulushi bo‘yicha kredit kelishuvi; Tojikiston va Yevropa investitsion banki o‘rtasidagi “Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi energetik hamkorlik” loyihasi bo‘yicha moliyaviy shartnoma.

CASA-1000 (Central Asia – South Asia -1000) Osiyodagi eng yirik energetika loyihalaridan biridir. Ekspertlarning ta'kidlashicha, u Markaziy va Janubiy Osiyoda yagona energetika bozorini yaratishga qaratilgan. Loyiha Qirg‘iziston va Tojikistondan Afg‘oniston va Pokistonga elektr energiyasi uzatilishini ko‘zda tutadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish