23:39 / 23.12.2015
4424

Van Gaal matbuot anjumani vaqtida jurnalistlardan uzr so‘rashni talab qildi

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal Angliya Premer-ligasining 18-turi doirasida «Stok Siti»ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Gollandiyalik mutaxassis ishtirokidagi matbuot anjumani 4 daqiqayu 58 soniya davom etgan. Bu vaqt davomida u 2ta savolga javob berdi va zalni tark etdi.

O‘yinchilarning ruhiyati haqida
Hammasi avvalgidek, chidasa bo‘ladi. Hech qanday yangilik yo‘q. Fil Jons 90 daqiqa o‘ynadi va hech qanday simptomlar kuzatilmadi. Bu yaxshi holat. Darmian «Chelsi»ga qarshi 28 dekabr kuni bo‘ladigan o‘yingacha tiklanishi mumkin. Ko‘ramiz.

Murabbiyning kelajagi borasidagi mish-mishlar haqida
Bu xonada hech kim mendan uzr so‘rash kerakligini his qilmayapti. Meni iste'foga chiqarishibdi, bu haqida o‘qidim.

Meni allaqachon iste'foga chiqarishibdi. Hamkasbim Mourinoni ham. Bunday xabarlar ko‘pchilikni tashvishga soldi. Oilamni. Muxlislarni. Telefonim qo‘ng‘iroqlar ko‘pligidan portlagudek bo‘lmoqda. Hatto, Arsen Venger ham telefon qilib, bu gaplar bo‘yicha mendan izoh so‘radi.

O‘ylaysizki, men matbuot bilan suhbatlashishni xohlaymanmi?

Men bu yerga faqatgina APLning qoidasi tufayli keldim. Men sizlar bilan gaplashishga majburman. Men qandaydir gap gapirsam, sizlar uni o‘z bilganingizcha talqin qilasiz.

Men o‘yinchilarimning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga harakat qilganimni aytishim mumkin. Bu haftada qilgan ishim shu bo‘ldi. Men o‘yinchilar va murabbiylar shtabi bilan uchrashuv o‘tkazdim. Rojdestvo munosabati tushlik uyushtirdim va nutq so‘zladim. Karringtonda barchaning qo‘llab-quvvatlashini his qilyapman.

Hozir yaxshi ahvolda emasmiz. To‘rt hafta oldin biz 1-o‘rinda edik va yana 4 haftadan keyin 1-pog‘onaga chiqib olishimiz mumkin.

Biz faktlarga tayanishimiz kerak. Menga Aleks Fergyuson, Devid Gill va Ed Vudvord qo‘ng‘iroq qilishmoqda. Boisi, siz jurnalistlar faktga tayanmasdan, ba'zi narsalarni to‘qib yozyapsizlar. Bu yaxshi emas. Endi esa paydo bo‘lgan savollarga javob berishim kerak. Men bunday qilishni xohlamayman.

Men hozirda bor e'tiborimni «Stok Siti»ga qarshi o‘yinga qaratganman. Barchangizni bayram bilan. Balki yangi yilda yana ko‘risharmiz. Hozircha esa, vinongizni ichib, pishiriqlaringizdan totib, hayotdan bahra oling.

Top