Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xalqaro arbitraj Oxus Gold’ning O‘zbekistonga qarshi da'vosini rad etdi
UNCITRAL Xalqaro arbitraj tribunali Britaniyaning Oxus Gold kompaniyasining O‘zbekistondagi tog‘-konchilik loyihalari bo‘yicha da'vosini rad qildi. Bu haqda kompaniyaning xabarnomasida aytildi.
“21 dekabr kuni hakamlik sudlari Oxus Gold’ning “Xondiza” loyihasi bo‘yicha da'vosini butunlay rad qildi, arbitraj sudi, shuningdek, Britaniya kompaniyasining “Omontoytov Goldfildz” qo‘shma korxonasi bo‘yicha da'vosini ham rad etdi”, — deyiladi xabarnomada.
“Shu bilan birga, xalqaro arbitraj sudi O‘zbekiston hukumatiga Britaniya kompaniyasiga 1.03 mln dollar hamda 2004-2010 yillar uchun foizlarni O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuvning buzilishi munosabati bilan badal puli sifatida to‘lashni yukladi”, — xabar qiladi Oxus Gold.
2011 yil yanvarida O‘zbekiston hukumati “Omontoytov Goldfildz” qo‘shma korxonasini rivojlantirish hamda oltin qazib olishni oshirish dasturining realizatsiyasi past bo‘lganligi munosabati bilan yopishga qaror qildi. Ushbu korxonaning 50 foiz ulushiga Oxus Gold ega edi. 2013 yilda kompaniya O‘zbekiston hukumatini korxonaning yopilishi munosabati bilan xalqaro tribunalga bergan edi.
Britaniya kompaniyasi, shuningdek, hukumatning 2006 yilda Xondiza polimetall konidagi ishlanmalar bo‘yicha uning eksklyuziv huquqlardan mahrum qilish borasidagi qarori ustidan ham da'vo kiritgan edi. Ushbu kon o‘sha yilning o‘zidayoq Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatiga topshirilgan edi. O‘ziga yetkazilgan umumiy zararni Oxus Gold 400 mln dollarga baholagan edi.
2003 yil oxirida “Omontoytov Goldfildz” Omontoytov konida, Markaziy Qizilqumda umumiy qiymati 31 mln dollarlik oltin qazib olish fabrikasini ishga tushirdi. Korxonaning loyihaviy quvvati oksidlangan rudalarni qayta ishlash bo‘yicha yiliga 1 mln tonnani, oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yiliga 6.3 tonnani tashkil qilgan. Uning aksiyadorlari Oxus Gold (50 foiz), O‘zbekiston geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (40 foiz) hamda Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati (10 foiz) edi. 2013 yil fevralida Navoiy viloyat xo‘jalik sudi qo‘shma korxonani bankrot deb topdi, uning aktivlari Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati balansiga o‘tkazildi.