15:53 / 24.12.2015
25590

“Mahalla mening taqdirimda” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda

Mahalla yoshlari o‘rtasidagi “Mahalla — mening taqdirimda” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam” shiori ostida bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA ma'lumot bermoqda.

Tanlovning Andijon viloyati bosqichida 17 jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar “Oila – mahalla – ta'lim muassasasi” hamkorligining ahamiyati, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ma'naviy-ma'rifiy islohotlarga oid bilimi, mazkur tizimni takomillashtirish xususidagi taqdimotlari hamda “Mahalla mening taqdirimda” mavzusida insho yozish bo‘yicha bahslashdi.Xonobod shahrining Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inining “Navoiy” jamoasi birinchi o‘rinni oldi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyati bosh mutaxassisi Lutfiya Safarovaning aytishicha, tanlovning viloyatdagi 712 mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalari o‘rtasida tashkil etilgan saralash bosqichlarida 2 ming 848 o‘quvchi faol ishtirok etdi. Viloyat bosqichida 1-o‘rin Termiz shahar “Navro‘z” MFYning “Kelajak avlod” jamoasiga nasib etdi. Tadbir doirasida yoshlarning milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyatidagi tanlovda 16 jamoa o‘z mahallasining tarixi va bugungi hayoti, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi bilimlarini namoyon etdi. Milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Bu borada boshqa jamoalardan ajralib turgan Ishtixon tumanidagi “Qoraqo‘yli” MFYning “Miyonqol” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Har bir hududdagi yakuniy bosqichda g‘olib jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirilmoqda.

Top