Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Guardian: Senegallik ishsiz muhojir Ispaniyada lotereya orqali 400 ming yevro yutib oldi
Senegal fuqarosi bo‘lgan ishsiz muhojir Ngame Ispaniyada rojdestvo munosabati bilan o‘tkazilgan lotereyada 400 ming yevro yutib oldi. Bu haqda Guardian nashrida yozilgan.
Qayd etilishicha, 35 yoshli bu shaxs 1600ta yutuqli chiptalardan birining egasi bo‘lib chiqdi. U bu chiptani o‘z rafiqasi bilan vaqtincha yashab turgan joyida, Ispaniyaning Almeriya viloyatida sotib olgandi.
"Men o‘z ko‘zlarimga ishona olmayapman. Bizda shunday kunlar bo‘lgandiki, ikkimiz uchun 5 yevro pul topilmasdi. Endi esa shuncha pul", deya o‘z xursandchiligini yashira olmasdan intervyu beradi bu omadli shaxs mahalliy nashrlarga.
Ma'lum bo‘lishicha, u bir qancha vaqt oldin ishdan bo‘shatilgan va ish topa olmay yurgandi.
Nashrning yozishicha, Ngame 8 yil oldin Marokashdan yog‘ochdan yasalgan qayiq orqali Ispaniyaga suzib o‘tishga harakat qilgandi. Ushbu qayiqda 65 kishi bo‘lgan va u ortiqcha yukni ko‘tara olmasdan, manzilga yetish arafasida ag‘darilib ketgan. Sohil bo‘yi qo‘riqchilari uni va rafiqasini qutqarib qolishgandi. Ular dastlab Tenerifi oroliga joylashtirilgan, so‘ng Ispaniyaning materik qismidagi Roketas-de-Mar shahriga ko‘chib o‘tishgan.
Maqola muallifining qayd etishicha, Ispaniyadagi El Gordo lotereyasi dunyoning eng mashhur lotoreya o‘yinlaridan biri hisoblanadi.
Oxirgi 1 yil ichida tashkilotchilar jami 2,2 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ni yutuqqa qo‘yishgan. Bu lotereya chiptalari shu qadar ommalashganki, bu chiptalarni kishilar o‘z do‘stlari va hamkasblariga bayram kunlarida sovg‘a qilishga odatlanishgan.