Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina chempionatidagi jamoalar soni 12taga tushirildi
Ukrainalik telejurnalist Igor Tsiganyk Ukraina chempionati kelgusi mavsumda boshlab qanday formatga o‘tishi haqida ma'lumot berdi.
Mazkur masala maxsus tashkil etilgan ishchi guruhning yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.
«Asosiy e'tibor bitta narsaga qaratildi: chempionatda faqat o‘ziga ishongan jamoalar ishtirok etishi kerak. Bizda ba'zi jamoalar bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar bor. "Goverla" bosh murabbiyi Vyacheslav Grozniy 16ta jamoa bilan chempionatni o‘tkazish taklifini bildirdi. Lekin bu fikr qo‘llab-quvvatlanmadi. Jamoalarning iqtisodiy holatini inobatga olish kerak.
Bundan tashqari, 10ta klub bilan 4ta davrali (36ta o‘yin) chempionat varianti ham ko‘rib chiqildi. Lekin bunday holatda taqvimni tuzib chiqish qiyinchilik tug‘diradi. 14ta jamoa bilan chempionat o‘tkazish muxlislar va televideniye uchun tushunarsiz bo‘lmoqda.
Klassik uslubda 16ta jamoa bilan ikki davrali chempionat o‘tkazish uchun Birinchi ligadan 2ta klubni yuqoriga chiqarish kerak. Ammo bu iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi.
Shu bois 12ta klub variantida bir to‘xtamga kelindi. Chempionat dastlab 2ta davrada o‘tkaziladi - 22ta o‘yin. Keyin jamoalar 2ta guruhga bo‘linadi. Dastlabki 6ta jamoa sovrinli o‘rinlar uchun, qolgan 6tasi Premer-ligada jon saqlab qolish uchun kurashadi.
12ta jamoali chempionat 2ta mavsumda tashkil qilinadi. Shundan so‘ng darhol 16ta jamoaga o‘tiladi».