16:55 / 24.12.2015
8448

Zimbabveda giperinflyatsiya davom etmoqda, mamlakatda yuan dollarning o‘rnini egallashi mumkin

Zimbabve hukumati Xitoy yuanini rasmiy valyuta sifatida qo‘llash bo‘yicha rejasini e'lon qildi. Bu haqda Arabnews nashri yozmoqda.
2007 yildan buyon mamlakatda giperinflyatsiya davom etmoqda. 2008 yilda narxlar o‘rtacha har bir yarim soatda qimmatlashishi kuzatildi. 2009 yil yanvarining o‘zidayoq inflyatsiya darajasi 231 mln foizni tashkil qildi.

Real inflyatsiyani ayrim ekspertlar 6.5 kvinkvatrigintillion (6.5 va 108 nol) deb baholagan. Mahalliy valyuta – Zimbabve dollari amalda iste'moldan chiqib ketdi. Zaxira banki direktori Gideon Gono “1 sentdan 100 trln dollargacha bo‘lgan kupyuralar chiqarish yo‘li bilan aholini matematikani o‘rganishga undagani uchun” Shnobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

2009 yilda mamlakatda pul ishlab chiqaruvchi qog‘oz tugadi. Shundan so‘ng mamlakatda AQSh dollari va JAR rendi rasman qo‘llana boshladi. 2015 yil iyunida, nihoyat, Zimbabve dollaridan butunlay voz kechildi. 1 AQSh dollari 35 kvadrillion Zimbabve dollariga almashtirildi.

Oradan olti oy o‘tib, mamlakatda rasmiy valyuta hali ham butunlay iste'moldan chiqarilgani yo‘q. Oxirgi kursga ko‘ra, 5 dollar 175 000 000 000 000 000 Zimbabve dollari evaziga beriladi.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Zimbabve valyutasi, ayniqsa uning 100 trln dollarlik kupyurasi amalda esdalik sovg‘asiga aylanib bo‘ldi.

Top