Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«General Motors Powertrain Uzbekistan» xodimlari ekologik tadbir o‘tkazishdi
«General Motors Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi ishchilari zavod yaqinida joylashgan 237 maktabda ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etishdi. Maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv kompaniyaning ijtimoiy mas'ullikka yo‘naltirilgan loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda o‘quvchilarga «General Motors» kompaniyasining rivojlanish tarixi hamda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi. Kompaniyaning ekologiya va atrof-muhit bo‘yicha menejyeri Ozoda Ismailova bolalar bilan birgalikda havoning ifloslanishi, biologik xilma-xillikni asrash, chiqindilarni utilizatsiya qilish kabi global muammolarni muhokama qilish bilan birga atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha «General Motors Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi amalga oshirayotgan ishlar haqida hikoya qilib berdi. Maktab o‘quvchilari bilan qizg‘in suhbat tarzida o‘tkazilgan tadbirda bolajonlar kompaniya va uning tizimida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi. Tadbir so‘ngida korxona ishchilari ishlab chiqarishdan ortib qolgan materiallardan tayyorlangan qush uyalarini bolajonlar o‘zlari o‘rnatishlari uchun ularga taqdim etishdi.