23:20 / 25.12.2015
6625

Qirg‘iziston Milliy banki brilliant ko‘zlari bo‘lgan kollektsion oltin tangani muomalaga chiqardi

Qirg‘iziston Milliy banki brilliant ko‘zlari bo‘lgan kollektsion oltin tangani muomalaga chiqardi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy banki naqd pul boshqarmasi boshlig‘i Shomil Aydarqulov ma'lum qildi.

Aydarqulovning aytishicha, 2015 yil 25 dekabrdan Milliy bank “Qor barsi” deb nomlangan ushbu kollektsion oltin tangani muomalaga kiritdi. Tanganing old tomonida brilliant ko‘zlarga ega qor barsi tasvirlangan. Tanganing tepa qismida qirg‘iz tilida “Ak ilbirs” va lotin tilida “Uncia uncia” degan yozuv bor. Pastki qismida esa oltin probasi (Au 999) va tanganing qiymati (200 so‘m) ko‘rsatilgan. Tanganing orqa tomonining markazida Qirg‘iziston gerbi, aylana bo‘ylab Qirg‘iziston hayvonot dunyosining noyob vakillari tasvirlangan. Tepa qismida “Kyrgyzstandyn Kyzyl kitebi” va pastki qismida tanga ishlab chiqarilgan yil, ya'ni “2015” yozuvi bor.

Tanga Qirg‘iziston hayvonot dunyosining noyob vakillarini saqlab qolish va ommaviylashtirish maqsadida chiqarilgan. Tanga “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarga bag‘ishlangan Qirg‘iziston Milliy bankining tangalar kolleksiyasini davom ettiradi. Ushbu tanga joriy yilda chiqarilgan 7-kollektsion tanga bo‘ldi. Yangi tanganing o‘ziga xos jihati shundaki, u avvalgi tangalardan deyarli ikki marta og‘irroq, diametri va qiymati bo‘yicha ham kattaroq. Barsning ko‘zlariga 0,09 karatli brilliantlar qo‘yilgan.

Tanganing og‘irligi 15,55 grammni tashkil qiladi. U ming dona nusxada ishlab chiqarilgan. Tangani 64 ming 950 so‘mga sotib olish mumkin.

Top