Jamiyat | 10:20 / 25.12.2015
5036
2 daqiqa o‘qiladi

STV: Samarqand ko‘chalaridan birining aholisiga 4 yildan buyon gaz ta'minoti va'da qilinadi

Samarqand shahrining Chashma mahallasida joylashgan Inqilob ko‘chasi fuqarolari o‘z gaz ta'minotining yo‘qligi yuzasidan noroziliklarini bildirmoqda. STV telekanali taqdim etgan ma'lumotlarga qaraganda, bir necha yildan buyon shahar rasmiylari bu muammoni hal qilishga va'da berishadi, ammo bu borada amaliy qadamlar hanuz tashlangani yo‘q.

2011 yilda ko‘chada istiqomat qiluvchi fuqarolar viloyat va shahar gaz ta'minoti idoralariga, Samarqand viloyat prokuraturasiga murojaat qilishgan hamda shahar hokimi Akbar Shukurovning 2015 yil 28 iyunida gaz quvurining o‘tkazilishi to‘g‘risida buyruq chiqarishiga erishishgan.

Shuningdek, ularning shikoyat xatlari “Pravda Vostoka” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida chop etilgan. Lekin bu choralarning hech biri muammoning hal bo‘lishiga olib kelmagan.
Mahalla raisi Gulsara Jo‘raqulovaning tashabbusi bilan fuqarolar “Markazgazta'minot” korxonasiga aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasida murojaatnoma yo‘llagan.

2015 yilning 20 iyulida mahalla fuqarolarining iltimosiga binoan “Markazgazta'minot” UK xodimlari 350 m gaz quvuri o‘tkazishgan. Avgust oyida montaj ishlari yakunlanganiga qaramay, STV’ga 14 dekabr kuni kelib tushgan shikoyat xatiga qaraganda, quvur orqali mahallaga gaz yuborilmayapti.

Telekanal xodimlarining shahar gaz ta'minoti xizmatiga yo‘llagan murojaatlariga javoban barcha mahallalar birday gaz bilan ta'minlanishi ma'lum qilingan. Boshqa biror ma'nili tushuntirish berilmagan.

videoni mover.uz sayti orqali tomosha qlishingiz mumkin

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish