08:38 / 25.12.2015
3473

Tojikiston MDHning erkin savdo hududi haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi

Tojikiston 4 yil avval imzolangan MDHning erkin savdo hududi haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi. Bu haqda MDH rasmiy saytida joylashtirilgan xabarda aytilmoqda.

Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Ne'matullo Hikmatullozodaning aytishicha, Tojikistonning butun tashqi savdo aylanmasining deyarli yarmi MDH tarkibiga kiruvchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning 11 oyi davomida bu hajm 13,6 foizga qisqarib ketgan.

Tojikistonning MDH bo‘yicha asosiy savdo hamkorlari Rossiya va Qozog‘iston hisoblanadi. Hikmatullozodaning aytishicha, bu davlatlar bilan yanvar-noyabrdagi savdo aylanmasi mos ravishda 7,6 va 18 foizga qisqarib ketgan.

MDHning erkin savdo hududi haqidagi kelishuv 2011 yilning 18 oktabrida MDH davlatlari rahbarlari tomonidan imzolangan. Kelishuv 2012 yil 20 sentabrda kuchga kirgan.

O‘zbekiston erkin savdo hududiga alohida bayonnomani imzolash orqali qo‘shilgan. Tojikiston ushbu kelishuvni imzolagan, biroq hali ratifikatsiya qilmagan yagona davlat bo‘lib kelayotgan edi.

Shuningdek, Rossiya 1 yanvardan Ukraina bilan ushbu kelishuvning amal qilishini to‘xtatmoqda.

Top