Jahon | 10:47 / 26.12.2015
8947
2 daqiqa o‘qiladi

“Jaysh al-Islom” jangarilari halok bo‘lgan yetakchisi o‘rniga yangisini tanladi

Suriya poytaxti Damashq shahrida harakatlanuvchi “Jaysh al-Islom” jangarilari o‘zlarining halok bo‘lgan rahbarlari o‘rniga yangi sardor tanlashdi. Bu haqda Al Mayadeen telekanalida ma'lum qilindi.

Endilikda guruhni Issam Abu Hammam al-Buveydani boshqaradi. U Damashq yaqinidagi Duma mavzesidan chiqqan.

Guruhning avvalgi yo‘lboshchisi Zaxran Allush 25 dekabr kuni Suriyaning milliy ko‘ngilli askarlari qo‘mondonligi tomonidan berilgan aviazarbalar natijasida yo‘q qilingandi.

Terrorchilar aniqlangan Otay qishlog‘iga 10 dan ko‘proq aviazarba berilgan, oqibatda bir qator guruhlar yetakchilari yig‘ilishi bo‘layotgan bunker yo‘q qilingan.

Bu zarba natijasida Allush bilan birgalikda "Feylak Raxman" guruhi yetakchisi Abdul Nosir Shomir hamda yana 6 nafar dala qo‘mondoni va o‘nlab jangarilar ham halok bo‘lgan. Shuningdek, 90 nafardan ortiq jangari jarohatlangan.

Minglab jangarilarni birlashtirgan “Jaysh al-Islom” asosan Damashqning sharqiy qismi yaqinida, Jo‘bar, Duma va Xrast shaharlarida jang olib boradi. Allush bir necha marta videomurojaat orqali chiqish qilib, Suriyani alaviylar va shialardan tozalashga chaqirgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish