17:30 / 26.12.2015
9339

Boxing day: Muxlislar 1963 yilgi rekord yangilanishini kutib yashashmoqda

Inglizlarda bir an'ana bor: har yilning 26 dekabr kunida ular faqat futbol ko‘rishadi. Ko‘p futbol ko‘rishadi. Juda ko‘p futbol ko‘rishadi.

Bugun barcha jamoalar futbol o‘ynashadi. Premer-liga jamoalaridan tortib, quyidagi o‘nga yaqin ligalargacha. Ob-havo qanday bo‘lishidan qat'i nazar.

Bugun APLdagi eng qizg‘in palla - "Boxing Day". Ushbu sanani nafaqat Angliya futboli muxlislari, balki futbolchilarning o‘zlari ham intizorlik bilan kutadilar.

Barchaga ma'lumki, 25 dekabrda rojdestvo bayrami nishonlanadi. Uning ertasiga esa, ya'ni 26 dekabr kuni Britaniyada "Sovg‘alar kuni" (Boxing Day) nishonlanadi.

Bu narsa 1957 yildan boshlab Angliya futboliga ham kirib kelgan. Aynan o‘sha yildan boshlab, 26 dekabr kuni chempionat o‘yinlari bir kunda o‘tkaziladi. Aniqrog‘i, bir haftada APLda 3 ta tur o‘yini bo‘lib o‘tadi va vaqtni tejash uchun boshqa turlardan farqli ravishda o‘yinlar 3 kun davomida emas, 1 kun ichida bo‘lib o‘tadi.

Yanada aniqrog‘i, "Boxing Day" faqatgina bir kun, ya'ni bugun hisoblanadi. Rojdestvo bayramining ertasiga ertalab mahalliy aholi bir-birlariga sovg‘alar ulashadi. Tushlikdan so‘ng esa barcha stadionga yo‘l oladi. Bu sanada davlat transportlari deyarli ishlamaydi. Shuni ham hisobga olgan holda, Premer-Liga o‘yinlari bir shahar jamoalari o‘rtasida yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tishini ta'minlashga harakat qilinadi.

Ushbu davr jamoalar uchun rotatsiya eng ko‘p amalga oshiriladigan davr. Bu davrda uzun zaxiraga ega bo‘lmagan jamoalar ko‘p ochko yo‘qotishadi.

Bu kunlar ichida ko‘p narsa ma'lum bo‘ladi. Jamoalarning jismoniy tayyorgarligi, ruhiy tayyorgarligiga albatta ko‘p narsa bog‘liq.

Muxlislar "Boxing Day"ni 1963 yilgi rekord takrorlanishiga umid qilgan holda kutishadi. O‘sha yili 26 dekabr kuni Angliya ligalaridagi 39ta o‘yinda 157ta gol urilgandi.

18-turni "Stok Siti" - "Manchester Yunayted" o‘yini ochib beradi. Jamoa rahbariyati "Boxing Day" davomida "MYu" dastlabki 2 o‘yinda 4tadan ko‘p ochko yo‘qotsa, bosh murabbiy van Gaalni ishdan bo‘shatishini aytgan.


Guus Xiddink "Chelsi"dagi ilk o‘yinini "Uotford"ga qarshi o‘z uyida o‘tkazdi.

"Liverpul"dagi ishlari bir tekisda kechmayotgan Yurgen Klopp bu haftda yaxshi natijalar orqali muxlislar va rahbariyat oldida o‘zini oqlashi mumkin. Haftaning ilk o‘yini turnir peshqadami bo‘lib turgan "Lester"ga qarshi o‘tkaziladi.

"Arsenal"ni safarda "Sautgempton"ga qarshi bellashuv kutmoqda.

"Boxing Day"da bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar bilan tanishing:

Top