16:38 / 26.12.2015
3746

«MYu» futbolchilari van Gaalni qat'iy tartiblarni yumshatishga ko‘ndirishdi

Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi yetakchi futbolchilari APLning 17-turidan o‘rin olgan «Norvich»ga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan (1:2) keyin jamoa bosh murabbiyi Lui van Gaal bilan birga inqiroz vaziyatidan chiqish rejasini muhokama qilishgandi.

The Daily Mail nashrining bergan xabariga ko‘ra, gollandiyalik mutaxassis bilan uchrashuvda Ueyn Runi, Maykl Kerrik, Kris Smolling va Xuan Mata ishtirok etishgan. Ular murabbiyning mashg‘ulotlar jarayoni, ortiqcha qattiq rejim va uchrashuv paytida taktikadan noroziliklarini bildirishgan.

Uchrashuv so‘ngida gollandiyalik murabbiy futbolchilarning e'tirozlarini to‘g‘ri qabul qilib, tartibni yumshatishga rozi bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, yangi tartiblar Rojdestvo arafasidagi mashg‘ulotlardan boshlab joriy qilindi. Unga ko‘ra, 13:00dan 17:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi mashg‘ulotlar kunning birinchi qismiga ko‘chirildi va mashg‘ulotdan so‘ng futbolchilar bayramni o‘z oilalari davrasida nishonlashdi. Keyingi kunda esa ular kelishilganidek Louri mehmonxonasida to‘planishib, APLning navbatdagi turidagi "Stok Siti"ga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlashdi.

Ma'lum qilinishicha, futbolchilarning jamoa bazasida ovqatlanish tartibida ham yengilliklar yaratilgan. Endi avval bo‘lgani kabi barcha bir vaqtda bir stol atrofida to‘planib, belgilangan vaqt ichida ovqatlanishi talab etilmaydi. Futbolchilar o‘zlari istagan vaqtda nonushta qilishlari, qachon ochiqishni sezishsa tushlik qilishlari mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, yomon natijalarga qaramay Lui van Gaal futbolchilarning ishonchini yo‘qotmagan.

Shuningdek, rahbariyat ham murabbiyning "Stok Siti" bilan uchrashuvdan oldingi matbuot anjumanida jurnalistlarga bergan javoblarini ma'qullagan va uning bu harakatini o‘z shogirdlarini jurnalistlardan himoya qilish sifatida qabul qilgan.

Top