Jahon | 17:59 / 26.12.2015
8979
2 daqiqa o‘qiladi

Uyg‘urlar haqida maqola yozgan fransiyalik jurnalist Xitoydan chiqarib yuboriladi

Xitoy hukumati fransiyalik jurnalistni Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan siyosat yuritgani haqida maqola yozgani uchun mamlakat hududidan chiqarib yuboradi.

l'Obs jurnali xodimi bo‘lgan Ursula Gotening aytishicha, Xitoy tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga berilgan press-kartaning muhlati uzaytirib berilmagan.

Bunday holat 2012 yildan beri ilk marta kuzatilmoqda. 3 yil oldin ham Xitoy hukumati "Al-Jazira" muxbiri Melissa Changa o‘z hududida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat bermagandi.

Xitoyning bu qarori Fransiya TIV va "Chegara bilmas jurnalistlar" tashkiloti tomonidan tanqidga uchradi.

Ma'lumot uchun, Xitoyning shimoli-g‘arbida joylashgan Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatida bir necha yillardan buyon siyosiy beqarorlik holati hukm surmoqda. Uyg‘urlar orasida ayni vaqtda Pekindan mustaqil bo‘lish g‘oyasini olg‘a suruvchi guruhlar faollashgan.

Shinjonda ayni vaqtda 9 milliondan ortiq musulmon diniga e'tiqod qiluvchi uyg‘urlar istiqomat qilishadi va ular muxtor viloyat jami aholisining 45 foizini tashkil qiladi.

Huquq himoyachilari bir necha marta Xitoy tomonidan uyg‘urlarning madaniyati va diniga nisbatan repressiv siyosat qo‘llanganini qayd etishgan.

2009 yilda viloyat markazi Urumchi shahrida uyg‘urlar va etnik xitoyliklar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuv tufayli 150 nafardan ortiq kishi qurbon bo‘lgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish