Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya musulmonlari yetakchilari Korsikadagi tartibsizliklardan so‘ng dindoshlarni xotirjamlikka chaqirmoqda
Fransiyaning Korsika orolidagi yirik shahar Ayachchodagi keskin vaziyat saqlanib qolmoqda. Yaqindagina tunda mahalliy musulmonlar masjidi ostin-ustun qilinganidan so‘ng ham yuzlab namoyishchilar qaytadan ko‘chalarga chiqishdi. Frantsuz musulmonlari jamiyati yetakchilari vaziyat keskinlashgan sharoitda dindoshlarga yuzlanib, xotirjamlikni saqlash va qonunga rioya etishni so‘ragan.
“Kelib tushayotgan xabarlar kishini xavotirga solib, qayg‘uga cho‘mdiradi. Vaziyat xavotirli va biz uning yanada yomonlashuvidan cho‘chiyapmiz”, - dedi mamlakatdagi musulmonlar yetakchilaridan biri, Parij jome' masjidi imomi Dalil Bubaker iTele telekanali efiriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ayachchodagi vaziyat “boshqarib bo‘lmas xalq qarshiligi”ning o‘sishiga ishora qilmoqda, shu munosabat bilan Fransiya musulmonlari barcha dindoshlarini o‘zini bardam tutishga chaqirmoqda.
“Hukumat bilan birga men ham xotirjamlik, ogohlik va tinchlikka chaqiraman. Hozir yilning eng muhim davri. Biz, kelib chiqishidan qat'i nazar, barcha korsikaliklar uchun tinchlik va sokin hayot hamma narsadan ko‘ra muqaddasroq ekanini tushunib yetishimiz kerak”, - dedi Bubaker.
Eslatib o‘tamiz, 26 dekabrga o‘tar kechasi Fransiyaning Korsika orolida johillar tomonidan masjid oynalari va mebeli sindirilgan edi. Ular, shuningdek, muqaddas kitoblarni, jumladan Qur'onni yoqib yubormoqchi bo‘lgan.
Mazkur hodisalar esa yuzini ro‘mollar bilan yopib olgan noma'lum jinoyatchilar o‘t o‘chirish va tez tibbiy yordam xodimlariga hujum qilganidan so‘ng yuzaga keldi. Hujum natijasida ikki nafar o‘t o‘chiruvchi hamda bir politsiyachi jarohat olgan. Mahalliy aholi politsiya va o‘t o‘chirish xizmatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘chalarga chiqib, mahalliy hukumatdan aybdorlarni topish va jazolashni talab qilishgan.
Ayachchodagi vaziyat kelgusi kuni ham keskinligicha saqlanib qolgan. Masjid joylashgan mavze kun bo‘yi politsiya tomonidan qurshab olingan. Biroq bu norozi kayfiyatdagi ayachcholiklarga aksilislomiy namoyishga chiqishlariga xalal bermadi. Hududiy France 3 Corse telekanali xabariga ko‘ra, namoyishlarda 300 atrofidagi mahalliy aholi vakillari ishtirok etgan. Ashaddiy namoyishchilar esa politsiya halqasini yorib o‘tib, masjid tomonga yaqinlashishga harakat qilib ko‘rgan. Xabarlarga ko‘ra, ular o‘rtasida mushaklar tarqatilmoqda. Ammo umumiy vaziyat tartibni saqlash kuchlarining nazorati ostida.