09:12 / 28.12.2015
3448

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi nazorat uchrashuvida Qatarni yengdi

Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi BAAning Dubay shahrida o‘zining ikkinchi yig‘inini o‘tkazdi.

Ushbu yig‘inda o‘zbekistonlik olimpiyachilar uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirgandi. Jamoa dastlabki o‘yinlarda KXDR vakillarini yengib, Suriyaga kichik hisobda imkoniyatni boy bergandi.

27 dekabr kuni Qatar olimpiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi. O‘zbekistonlik futbolchilarning ustunligi ostida o‘tgan bahsda 2:0 hisobi qayd etildi. O‘zbekiston vakillari gollarni uchrashuvning 63- va 90-daqiqalarda urishgan.

Shu tariqa, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi mazkur yig‘in doirasidagi so‘nggi uchrashuvida g‘alaba qozondi. Endi terma jamoa Dubaydagi yig‘inni yakunlaydi va bugun Toshkentga qaytib keladi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, bu terma jamoa 2016 yilning 12 – 30 yanvar kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Turnirning guruh bosqichida O‘zbekistonga Iroq, Janubiy Koreya hamda Yaman olimpiya terma jamoalari raqib bo‘ladi.

Top