O‘zbekiston | 20:18 / 28.12.2015
2443
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV: Xalqaro shartnomalar yanada ishonchli saqlanmoqda va keng ommaga taqdim etilmoqda

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini saqlash uchun zamonaviy depozitariy yaratish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlandi.

Hujjatlarni uzoq muddat va ehtiyotkorona saqlash maqsadida eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan depozitariy xonasida optimal mikroiqlim ta'minlanmoqda. Yong‘in xavfsizligiga alohida e'tibor qaratilgan.

Xalqaro tajribani inobatga olgan holda tanlangan saqlash usuli “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Tashqi ishlar vazirligiga saqlash uchun topshirilgan 4 mingga yaqin hujjatlarning har biridan tezkorlik bilan foydalana olish imkonini yaratadi. Bajarilgan ishlar BMT Taraqqiyot dasturi texnik ko‘magi yordamida amalga oshirilgan.

Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasining (lex.uz) mamlakatimiz xalqaro shartnomalariga tegishli qismi takomillashtirilmoqda. Hozirgi paytga kelib 1991-2015 yillarda tuzilgan 1200ga yaqin O‘zbekiston xalqaro shartnomalari veb-saytda joylashtirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish