Jamiyat | 18:27 / 28.12.2015
3060
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: 2015 yilda Rossiyada qashshoqlar soni 2 barobar oshdi

Rossiyada 2015 yil yakuniga ko‘ra kun kechirish uchun zarur miqdordan kamroq daromadga ega aholi miqdori o‘tgan 1 yil ichida 2 baravar ortgan. Bu haqda rossiyaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomadan ma'lum bo‘ldi.

Butun Rossiya jamoatchiligi fikrini o‘rganish markazi ma'lumotiga ko‘ra, 2014 yil oxirida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashganlarning 22 foizi yetarli darajadagi ovqat va kiyim uchun yetarli miqdorda puli bo‘lmasligi haqida ma'lum qilgandi. Bu yilgi ko‘rsatkich esa 39 foiz bo‘lgan.

Ya'ni, o‘tgan yil oxirida so‘rovnoma ishtirokchilarining 4 foizi ovqat uchun pul topa olmasligini aytgan, bu yilda esa bu toifa soni 9 foizga oshgan. Ovqatlanishga puli yetadigan, lekin odatiy tartibda kiyinish uchun pul orttira olmaydigan rossiyaliklar miqdori o‘tgan yilgi 18 foizlik ko‘rsatkichdan bu yilda 30 foizgacha oshgan.

Shuningdek, maishiy buyumlar sotib olishga qiynaladigan rossiyaliklar miqdori o‘tgan yilgi 7 foizdan bu yilda 40 foizga o‘zgargan.

Ayni vaqtda rossiyaliklarning 16 foizigina yangi avtomobil xarid qilishga qodirligini bildirgan. 2014 yil oxirida bu boradagi ko‘rsatkich 27 foiz edi.

Shu bilan birgalikda, aholi daromadlari qisqarishi fonida hech qanday moliyaviy muammo sezmagan rossiyaliklar soni ortgan. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 4 foizi o‘zi uchun istalgan xaridni amalga oshira olishi mumkinligini bildirgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 3 foizga teng bo‘lgandi.

So‘rovnoma 12-13 dekabr kunlari o‘tkazilgan va unda mamlakatning 46 hududidan 1,6 ming kishi ishtirok etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish