Jahon | 08:42 / 28.12.2015
4559
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya prezidenti Suriyada “xavfsizlik hududi”ning tayyorlanishi bo‘yicha rejalarini e'lon qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriyada yaratmoqchi bo‘lgan “xavfsizlik hududi”ning tayyorlanishi bo‘yicha rejalarini e'lon qildi. Al Arabiya telekanali orqali efirga uzatilgan intervyuda Erdo‘g‘an bu hududda Turkiyadagi lagerlarda yashayotgan hamda Suriyaga qaytishni istayotgan qochqinlar joylashishi mumkinligini aytdi.

“Birinchi bosqichda hudud chegara bo‘ylab 98 km davom etadi, ichkariga 45 km kirib boradi. Biz uni kengaytirishimiz mumkin. Bu hudud terrordan ozod hudud bo‘ladi va u yerda Turkiyadagi lagerlarda yashayotgan va mamlakat ichkarisidagi qochqinlar joylashishlari mumkin bo‘ladi”, deb aytdi Erdo‘g‘an.

“Biz bu loyihani amalga oshirish uchun mablag‘lar yig‘ish bo‘yicha kampaniyani boshlashimiz mumkin. Bu soha Turkiyada yaxshi rivojlangan, biz Suriya ehtiyojlariga mos uylar qurishimiz mumkin”, deb qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.

Biroq Erdo‘g‘anning bu taklifi hattoki ittifoqchilari orasida ham qo‘llab-quvvatlanmayapti. Dekabr boshida Oq uy matbuot kotibi Joshua Ernest bunday hududlarning yaratilishi “katta mablag‘lar talab qilishini” aytgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish