Sport | 20:03 / 29.12.2015
5444
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: "Barselona" Messi uchun "Manchester Siti"dan 160 mln yevro so‘radi

Ispaniyaning "Barselona" klubi rahbariyati argentinalik hujumchisi Lionel Messini Angliyaning "Manchester Siti" jamosiga 160 mln yevro evaziga sotishga rozi bo‘lgan. Bu haqda The Sun tabloidi xabar tarqatgan.

Manbaning yozishicha, inglizlar bu hujumchini qishki transferlar vaqtidayoq xarid qilish uchun taklif jo‘natishgan. Agar bu transfer amalga oshadigan bo‘lsa, "Manchester Siti" futbol tarixidagi eng yirik transferga qo‘l urgan bo‘ladi. Ayni vaqtda bu boradagi rekord "Real"ning "Tottenhem"dan Garet Beylni 100 mln yevroga xarid qilishi bo‘lib turibdi.

"Manchester Siti" rahbariyati Messiga haftasiga 1 mln yevro miqdorida maosh berishga tayyorligini bildirgan.

Nashrning yozishicha, kataloniyaliklar Messini sotishga tayyor. Qayd etish kerakki, Messi joriy mavsumning birinchi yarmini jarohat tufayli o‘tkazib yubordi. Uning yo‘qligini jamoaning boshqa hujumchilari Neymar va Suares bildirishmadi. Ayni vaqtda "Barselona" La-liga turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Jamoa rahbariyati Messini moliyaviy muammolarni hal qilish uchun sotishga qaror qilgani aytilgan.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda 28 yoshga chiqqan Lionel Messi kataloniyaliklar jamoasining futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U ilk marta jamoaning asosiy tarkibida 17 yoshida ko‘rinish bergan. U "Barselona" tarixidagi eng kuchli hujumchi sifatida tan olingan. Messi olgan "Oltin to‘p" mukofotlari soni bo‘yicha ham tengsiz. U 2009 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan muddatda 4 marta dunyoning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan. U shuningdek, 2009, 2011 va 2015 yillarda UYeFA versiyasiga ko‘ra Yevropaning eng yaxshi futbolchisi sifatida mukofotlangan.

«Manchester Siti» Messiga yiliga 27 mln yevro maosh to‘lashga tayyorligini bildirdi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish