20:24 / 29.12.2015
3937

O‘zbekiston va GFR o‘rtasida O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma kuchga kirdi

2015 yilning 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Germaniya Federativ Respublikasining Muvaqqat ishlar vakili Melani Moltmann bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida 2014 yil 14 oktabrda Berlin shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida daromad va mol-mulk soliqlari yuzasidan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida 1999 yil 7 sentabrdagi Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma ratifikatsiya yorliqlari almashildi.

Mazkur Bayonnomaning 4-moddasiga asosan u yorliqlari almashilgan sanadan, ya'ni 2015 yil 29 dekabrdan boshlab kuchga kiradi.

Hujjatga binoan yuqorida qayd etilgan Bitimga soliq siyosati shaffofligi bo‘yicha xalqaro standartlarga mos keladigan axborot almashish mexanizmining samaradorligini kengaytirishga qaratilgan yangi qismlar kiritish ko‘zda tutilib, ular ikki davlat kompaniyalari va tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro investitsiyani jalb qilish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga imkon yaratadi.

Bundan tashqari, mazkur xalqaro kelishuv soliqqa oid qonunbuzarliklarga qarshi kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga hamda O‘zbekiston va Germaniya qonunchiligiga amal qilishni ta'minlashga xizmat qiladi.

Top