O‘zbekiston | 12:56 / 29.12.2015
4482
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorij OAVlari vakillari ro‘yxati ma'lum qilindi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijlik 30 nafar muxbirga akkreditatsiya bergan. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida ma'lum qilingan.

"Davlat muassasalari, kompaniyalar, jamoatchilik tashkilotlarining ko‘plab murojaatlari munosabati bilan shuni xabar qilamizki, 2015 yil 29 dekabr holatiga ko‘ra xorijiy axborot agentliklari, telekanallari va boshqa OAV, shuningdek, 7ta muxbirlik punktlari (byuro) vakillari bo‘lgan 30 nafar muxbir Tashqi ishlar vazirligida rasman akkreditatsiyadan o‘tgan.

Mamlakatimizda rasman faoliyat yuritayotgan chet el matbuoti vakillari haqidagi ma'lumot TIV veb-sahifasida tezkor yangilanadi hamda o‘zbek, rus va ingliz tillariga e'lon qilinadi. Maxsus bo‘limda esa xorijiy OAV vakillarining O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tish tartibi haqidagi ma'lumot ham joylashtirilgan", deyiladi xabarda.

Akkreditatsiya berilgan muxbirlarning deyarli yarmi, ya'ni 14 nafari Xitoy OAVi vakillari hisoblanadi. Turkiya esa 5 nafar jurnalistini akkreditatsiyadan o‘tkazgan. Shuningdek, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon va Afg‘onistondan 2 nafardan, Qirg‘iziston, Pokiston va Erondan bir nafardan muxbir O‘zbekston TIV tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axborot agentliklari qatorida «AzerTadj» (Ozarbayjon), «Sinxua» (Xitoy) va «Xabar» (Kirg‘izston) kabilar qayd etilgan. Shuningdek, «Arezu Radio TV» (Afg‘oniston) va «TRT» (Turkiya) teleradiokompaniyalari, «Tszintszi Jibao» (Xitoy), BBC World Service Monitoring (Buyuk Britaniya) kabi nashrlar ham shu ro‘yxatda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmagan muxbirlarning mamlakatda professional tarzda faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish