Jamiyat | 13:36 / 29.12.2015
3379
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda guvohlar jinoyatchilar tomonidan yukxonada olib ketilayotgan kirakashni qutqarib qolishdi

Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida guvohlar jinoyatchilar tomonidan yukxonada olib ketilayotgan kirakashni qutqarib qolishdi. Bu haqda Chu viloyati IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Aytilishicha, tibbiy niqoblar taqib olgan ikki shaxs Bishkekda 28 dekabr kechasi Honda haydab ketayotgan kirakashdan ularni Katta Chu kanaliga eltib qo‘yishni so‘ragan. Biroz yo‘l yurgach, ulardan biri kirakashni bo‘g‘a boshlagan, so‘ng ikkalalashib erkakni yukxonaga solishgan. Shundan so‘ng jinoyatchilar To‘qmoq shahriga yo‘l olishgan.
Kant shahri yaqinida Honda yonidan o‘tayotgan boshqa haydovchilar kimdir yukxona ichidan qo‘l silkitayotganini ko‘rishgan. Kirakash bir amallab yukxona eshigini ochgan, uning yuzi qonga botganini ko‘rgan guvohlar darhol yordamga oshiqishgan. Haydovchilar Honda’ni quvib o‘tib, uning yo‘lini to‘sishgan. Kirakash mashinadan sakrab tushishga ulgurgan. Jinoyatchilar esa mashinani noma'lum tomonga olib qochib ketishgan.

Kemine shahrida IIV xodimlari aytilgan mashinani aniqlashgan va uning ketidan quvishgan. Bishkek-To‘rug‘art trassasida mashinani haydab ketayotgan jinoyatchi boshqaruvni qo‘ldan chiqargan, natijada avtoulov ag‘darilib ketgan.

Qo‘lga olingan 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan jinoyatchilar Qoraqo‘l shahridan ekanligi aniqlangan. Ulardan biri avtohalokat joyida olamdan o‘tgan, ikkinchisi esa shaharning reanimatsiya bo‘limiga olib kelingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish