Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Davlat departamenti: AQSh Suriyaga tinchlik olib kelmadi, bunga hali ancha uzoq
AQSh Suriyadagi ixtilofni tartibga solish uchun muayyan taraqqiyotga erishdi, biroq ixtilofni batamom hal qilish uchun yana ko‘plab ishni amalga oshirish kerak. Bu haqda Washington Post gazetasida AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Jon Kirbi ma'lum qildi. Bundan avval ba'zi OAVlar u “Vashington Suriyaga tinchlik va xavfsizlik olib keldi”, deb aytganini ma'lum qilishgandi.
24 dekabrda Kirbi departamentning rasmiy blogida 2015 yil natijalariga qisqacha sharh berib o‘tdi. “Suriyaga tinchlik va barqarorlikni olib kelish” deb nomlangan bo‘limda Suriyadagi vaziyat haqida so‘zlangan. Biroq 28 dekabrda Foreign Policy jurnali Kirbining aytgan so‘zlarini tanqid ostiga oldi va Kirbi go‘yoki AQSh Suriyada tinchlik va tartibni o‘rnatganini nazarda tutganini aytgan.
“Men biz Suriyada tinchlik va xavfsizlikni olib keldik, deb aytmadim. Bundan tashqari, bu bandning boshida men “Suriyadagi ixtilof 2015 yil davomida yanada avj olganini” yozganman. Shab-shubhasiz, hali oldinda qiladigan ishlar ko‘p. Bu haqda Davlat kotibi Kerri hammadan ko‘proq biladi. Biroq uning qat'iyligi evaziga diplomatik frontda erishilgan taraqqiyot juda salmoqlidir va bu haqiqatda tinchlik va xavfsizlikni tiklashga yordam beradi”, deb raddiya bildirdi Kirbi.
Kirbi, shuningdek, AQSh IShIDga qarshi kurashni hali yuta olmaganini, biroq terrorchilik guruhi “hozirda bir necha oy avvalgidek kuchli emasligini” aytdi. “Ular yaqindagina Ramadining katta qismini yo‘qotdi va avval egallagan hududning 25-30 foizi ustidan nazoratni yo‘qotdi”, deb aytmoqda Kirbi.